Hozirgi kunda bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish bo‘yicha, 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalar va kam ta’minlangan oilalariga moddiy yordam tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi «Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini idoralararo elektron o‘zaro hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 308-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «Kam ta’minlangan oilalariga «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida» Vaqtinchalik nizom asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar nafaqalar va moddiy yordam tayinlashni so‘rab, ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.

Ariza fuqaroning doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi (propiska joyi) bo‘yicha beriladi va arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

– pasport nusxasi;

– nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma;

– bola tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma.

Vaqtinchalik nizomning 7-bandiga muvofiq, yuqoridagi nafaqalar va moddiy yordam jami daromad belgilanadigan davrda belgilangan oilaning har bir a’zosiga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining o‘rtacha oylik 0,527 baravar miqdori (358 007 so‘m)dan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromadga ega bo‘lgan oilalarga tayinlanadi.

Quyidagi hollarda tegishli ijtimoiy nafaqani yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi:

a) ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadning Vaqtinchalik nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan belgilangan mezonlardan ortiqligi;

b) ariza beruvchida yoki uning oila a’zolarida ko‘chmas mulk mavjudligi (ariza beruvchining propiska qilingan joyida joylashgan ko‘chmas mulk bundan mustasno);

 

v) ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida ikki va undan ortiq avtotransport mavjudligi;

g) arizada taqdim etilgan ma’lumotlarning haqiqatga nomuvofiqligi aniqlanishi;

d) daromadlarning rasmiy manbalariga ega bo‘lmagan va mehnat bo‘yicha organlarda hisobda turmagan yoki haqi to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan oilaning mehnatga layoqatli a’zosi mavjudligi sababli rad etiladi.

Joriy yilning 10 sentyabr kunida Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro Sh.N. 14 yoshgacha bolali oilalarga nafaqa tayinlash masalasida yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qilgan. Fuqaroning arizasi Pensiya jamg‘armasi mutaxassisi tomonidan belgilangan tartibda «Yagona reyestr»AT dasturiga kiritilgan. Dastur tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda real vaqt rejimida davlat organlari va tashkilotlar hamda idoralararo elektron o‘zaro hamkorlik orqali ma’lumotlar almashilgan.

 

Shunga asosan, Fuqaroning rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmaganligi va oxirgi olti oy mobaynida tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga ish qidiruvchi sifatida rasmiy murojaat qilmaganligi sababli, «Yagona reyestr»AT dasturi orqali oilaning mehnatga layoqatli a’zosi mavjud deb hisoblanib, nafaqa tayinlash rad etilgan.

Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» AT qo‘llashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalaniladi va bu orqali nafaqa va moddiy yordamlar inson ishtirokisiz tayinlanishi va to‘lanishini ta’minlaydi. Bu esa, xalqimizga xizmat qilishda shaffoflik va adolatlilikni ta’minlab beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda 2020 yilning yakuniga qadar:

14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 barobarga oshirib, 700 mingtagacha yetkazishni;

bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalarning amaldagi sonini 330 mingdan 400 mingtaga oshirish;

moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilalarning amaldagi sonini 89 mingdan 100 mingtaga yetkazishi belgilangan.

Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati