Savol: Kam ta’minlangan oilalarga bola parvarishi uchun ijtimoiy nafaqa qay tartibda beriladi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 52,7 foizidan (357 ming 833 so‘mdan) ortiq bo‘lmagan holda tayinlanadi.

Quyidagilar esa bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga ega.

Jumladan, ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan, ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar, 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayol yoki beva erkak, nogiron bolasi (bolalari) bo‘lgan oilalar, bolani to‘liq bo‘lmagan oilada tarbiyalayotgan onalar (otalar) yordam olishi mumkin. Bunda bolaning amalda to‘liq bo‘lmagan oilada ona (ota) tomonidan tarbiyalanishini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi belgilaydi.

Shuningdek, ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar hamda yolg‘iz pensionerlar yordam olish huquqiga ega.

Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining yashash joyi (doimiy yoki asosan yashab turgan joyi) bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan oila boshlig‘i yoki boshqa muomalaga layoqatli oila a’zosining yozma arizasi asosida, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa – bolaning onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning arizasi asosida tayinlanadi.

Ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi nomiga beriladi. Arizaga ilova asosida, oilaning tarkibi va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar, bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish uchun bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxalari, asosan yashab turgan joyi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun doimiy yashash joyi bo‘yicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlanmaganligi va to‘lanmaganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma, agar bolalar vasiylikka olingan bo‘lsa vasiylik va homiylik organining qaroridan ko‘chirma topshiriladi.

Shuningdek, moddiy yordamga ehtiyojmandlik to‘g‘risidagi arizaga, ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, oilaning ehtiyojmandligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.

Nafaqa tayinlash mahalla tomonidan tuzilgan komissiya qaroriga ko‘ra belgilanadi. Agar asossiz nafaqa ajratILmasa, tuman prokuraturasiga murojaat qilish mumkin.

Bermasa, Prokuraturaning 1007 yoki Adliya vazirligining 1008 qisqa ishonch telefoniga shikoyat qilish va amaliy yordam berishlarini so‘rash mumkin.