Nukus garnizonidagi Safarbarlik chaqiruvi rezervi (SCHR) batalonining kapital ta’mirlangan binosi foydalanishga topshirildi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.

Tantanali tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Muratbay Jumanov, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni harbiy xizmatchilarni yaqinlashib kelayotgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan tabrikladi.

–Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma’muriy sektori ko‘magi bilan 2020 yilning dekabr oyida okrugimizda xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan “Nukus” dala-o‘quv maydoni foydalanishga topshirilishi tarixiy voqea bo‘ldi. Bu o‘z o‘rnida harbiy bo‘linmalarimizning jangovar shayligini yanada oshirishga qo‘shimcha imkoniyat yaratdi, – dedi polkovnik Farhodjon Shermatov.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Muratbay Jumanov endilikda bu maskan SCHR xizmatiga kelgan yigitlar uchun nazariy bilimlarni o‘zlashtiradigan, vatanparvar qilib tarbiyalaydigan asosiy bilim dargohlaridan biriga aylanishini tiladi. Prezidentimiz tomonidan Vatan himoyachilari va ularning oila a’zolariga yaratilayotgan qulayliklar va shart-sharoitlarga harbiy xizmatchilar o‘zlarining fidokorona xizmatlari bilan munosib javob qaytarishiga ishonch bildirdi.

Ta’kidlash joizki, 500 o‘ringa mo‘ljallangan SCHR bataloni binosi uch qavatdan iborat bo‘lib, oldin bu yerda xizmatchilarning yashashi hamda sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun sharoitlar yetarli bo‘lmagan. Olib borilgan kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari natijasida bino to‘liq rekonstruksiya qilinib, eskirib ketgan mebel va jihozlar yangilandi.

Batalon binosining ichki qismida bo‘linma komandirlari uchun 10 ta xizmat xonasi, bir vaqtning o‘zida 500 nafar xizmatchini joylashtirish imkoniga ega bo‘lgan 13 ta mashg‘ulot va 3 ta maishiy xizmat ko‘rsatish xonasi, 3 ta keng va shinam yotoqxona bor. 5 ta sanitar tizim qayta takomillashtirildi. 7 ming badiiy adabiyot va 10 mingta elektron kitobga ega bo‘lgan hamda Ziyo-net milliy axborot-ta’lim tarmog‘iga ulangan kutubxona bu yerda yoshlarning ma’naviyatini, ma’rifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Ilgari xizmatchilarning madaniy hordiq olishi, turli tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari, kinofilmlar tomosha qilishi uchun maxsus ajratilgan joyning bo‘lmagani tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda birmuncha qiyinchiliklar tug‘dirib kelgan. 200 o‘ringa mo‘ljallangan yangi majlislar zali yuqoridagi muammolarga yechim bo‘ldi.

600 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona ham zamonaviy ta’mirlandi.

Eslatib o‘tamiz, SRCH xizmati 2003 yilda chaqiruv yoshidagi fuqarolar uchun harbiy xizmat turi sifatida joriy etilgan. «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli, harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatga chaqirilmagan shaxslar SCHR safiga olinadi.

Tadbir davomida SCHR binosini ta’mirlash ishlarini olib borgan korxona rahbariyatiga harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan minnatdorlik bildirildi.

Binoning ochilish marosimidan so‘ng mehmonlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.