Joriy yilning 11-16 yanvar kunlari Yoshlar ijod saroyida “Yangi O‘zbekiston va milliy kinematografiya” oyligi doirasida “O‘zbek milliy kino san’ati haftaligi” tashkil etiladi.

Haftalik davomida yangi kinoloyihalar taqdimoti, yoshlar uchun mahorat darslari, davra suhbatlari, kasting va konferensiyalar hamda yangi filmlar premeralari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, deya xabar bermoqda “O‘zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmati.

Bundan tashqari, respublika bo‘ylab taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etilib, aholi bilan o‘zbek kino san’ati tarixi va bugungi kuni haqida muloqot uyushtiriladi. Uchrashuvlar so‘nggida bir qator tarixiy-badiiy filmlarning bepul namoyishi o‘tkaziladi.

Ushbu haftalik davlatimiz rahbarining o‘tgan yili noyabr oyida yangilangan “O‘zbekfilm” studiyasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosi doirasida tashkil etilmoqda. Tashrif davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan sohaning rivojlanish yo‘li belgilab berilib, kinoijodkorlar oldiga qator topshiriq va vazifalar qo‘yilgandi.

Kino haftalik doirasida yosh kinoijodkorlar uchun Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkentda filialini ochish, Toshkent xalqaro kinofestivalini tashkil qilish, chet elda saqlanayotgan o‘zbek filmlarini qaytarish, yosh kinoijodkorlarga sharoit va imkoniyat yaratish kabi muhim topshiriqlar bo‘yicha ekspertlar hamda mutaxassislar bilan “O‘zbekkino”ning 2021 yilgi “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.

–Oldimizga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda soha vakillari, ekspertlar va yangi loyihalar ishtirokchilarining taklif va tavsiyalariga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Ushbu yo‘l xaritasini “kabinet”larda emas, balki kinojamoatchiligi bilan muhokama qilib, ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega,– deya fikr bildirdi “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Shuningdek, haftalik davomida milliy multiplikatsiya, hujjatli va badiiy filmlar hamda yosh kinoijodkorlar kunlari o‘tkaziladi. Haftalikning har bir kunida bir-biridan qiziq o‘ndan ortiq tadbir va uchrashuvlar, bir nechta kasting va pitchinglar, kino sohasiga oid dolzarb mavzularda davra suhbatlari hamda ijodiy uchrashuvlar uyushtirilib, kun so‘nggida yangi premeralar namoyish etiladi.

 

O‘zA