Yurtimizda sportga bo‘lgan e’tibor yuqori darajaga chiqib ulgurgan. Ma’lumki, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi hamda Davlatimiz rahbarining taklifiga binoan 2021 yil mamlakatimizda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb e’lon qilindi.
Shuningdek, yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzi, sport bilan muntazam shug‘ullanib borish, sog‘lom muhit ostida ishlash tobora hayotimizning bir bo‘lagiga aylanib bormoqda.
Shu munosabat bilan, 2021 yilning 6 yanvar kuni Toshkent shahridagi “Daniel Hill Hotel” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Taekvondo (ITF) milliy assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Jumladan quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:
1. Assotsiatsiyaning amalga oshirilgan ishlari yuzasidan rahbariyat va viloyat bo‘limi boshliqlarining o‘tgan 5 yillik hisobotlari tinglandi.
2. O‘zbekiston Taekvondo (ITF) milliy assotsiatsiyasining prezidenti lavozimiga Hasanov Laziz Saydivaliyevich nomzodi bir ovozdan qayta saylandi.
3. Viloyat bo‘limi rahbarlari va vitse-prezidentlar ham 5 yil muddatga saylanishdi.
4. Assotsiatsiyaning 2021 yilda rejalashtirilgan ishlari bilan tanishtirildi va bu borada viloyat bo‘limi rahbarlari, vitse-prezidentlarga ko‘rsatmalar berildi.
Taekvondo (ITF) milliy assotsiatsiyasi oldiga ulkan vazifalar qo‘yildi. Mamlakatimizda sport sohasida, xususan Taekvondo yo‘nalishida erishilayotgan yutuqlarni Jahon arenalarida ham davom ettirish bo‘yicha aniq va puxta rejalar kiritildi.
Ishonamizki, Taekvondo bo‘yicha xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarimiz O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘tarishda davom etishadi.