O‘rmonda va hatto shahar xiyobonlarida havoning namligi ko‘chaga qaraganda 15-30 foiz yuqori bo‘ladi. Ana shunday hududlarni ko‘paytirish va ulardan unumli foydalanish uchun O‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

Konsepsiyada o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi xorijiy tajribalar, o‘rmonlarni barqaror boshqarish, gender masalalar va institutsional rivojlantirish bo‘yicha takliflar, o‘rmonlarni boshqarishga mahalliy aholini keng jalb qilish, yong‘oq va tez o‘suvchi daraxtlar plantatsiyalarini barpo qilish, yerlarni imtiyozli ijaraga berish kabilar o‘z aksini topgan.

Ayni vaqtda yurtimizda o‘rmonlarni ijaraga berish ishlari  boshlandi. U qaysi mezonlarga ko‘ra berilmoqda? Bu boradagi yutuqlar va muammolar haqida O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining Investitsiyalarni jalb qilish va davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish, boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar RO‘ZIEV bilan suhbatlashdik.

– Konsepsiyaga ko‘ra, o‘rmonlarni muhofaza qilish, saqlab qolish va rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda,– deydi A.  Ro‘ziyev. – Zero, uni asrash kelgusi avlodlarga ekologik qulay sharoit yaratish, oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini yechish imkonini beradi. Shuningdek, konsepsiyada o‘rmonlarni muhofaza qilish, ko‘paytirish hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan ijara va davlat-xususiy sheriklikning qoidalari va tartib-taomillarini joriy etilmoqda. 2020 yilning yanvaridan boshlab o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yerlari 49 yilga ijaraga berilmoqda.

–Xo‘p, o‘rmon fondi uzoq muddatga ijaraga beriladigan bo‘lsa, bunda qanday tartibga amal qilinadi?

– Bu borada aniqlik va tartib bo‘lishi uchun  jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. O‘zlashtirilmagan o‘rmon yerlarini auksion tarzda, ish o‘rinlari yaratish maqsadida va davlat xususiy sherikligi asosida ijaraga beriladi.

Agar buni avvalgi tartib bilan solishtiradigan bo‘lsak, oldin yerlar foydalanuvchiga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish sharti bilan berilgan. 2020 yildan esa 49 yilga berilishi tadbirkorlarga ancha qulay bo‘ldi.

– Albatta, yerlarni 49 yilga ijaraga berilishi bu katta muddat. Bu yillar davomida tadbirkor yerdan qanday foydalangani kuzatib boriladimi? Yoki…

–Shartnoma shartlarida har yili monitoring o‘tkazish belgilangan. Albatta, tadbirkorning yerdan qay tartibda foydalanib borishi nazorat qilinadi.

– Hozirga qadar o‘rmon yerlari masalasida shikoyatlar juda ko‘p bo‘lardi. Yangi tartiblar ana shu shikoyat va norozilikka qanchalik barham beradi?

–Shikoyatlar kamayadi. Barcha savollarga konsepsiyada javob berilgan. Terak, pavlovniya, pista, bodom qisqa fursatda hosil bermaydi. Uning hosilini kutish kerak. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, shikoyatlarning aksariyati bu ekinlar daromadga kirguncha bo‘lgan muddatda ijara haqi to‘lash bilan bog‘liq edi. Endi bunga barham berildi. Pavlovniya, bodom, pista va terak plantatsiyalari uchun 5 yil, o‘rmon bilan qoplanmagan yerlarni o‘zlashtirish, moyli, poliz boshoqli ekinlar, dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun 3 yil imtiyozli davr belgilangan.

–Ayni vaqtda DXSH asosida o‘rmon yerlarini ijaraga olishga talabgorlar bormi?

– DXSH da ko‘rsatilgan tartiblar asosida hali bitim tuzilgani yo‘q. Biroq, tegishli ishlar olib borilmoqda.

–Investitsiya masalasi ham buguning muhim masalalaridan hisoblanadi. Ayni vaqtda yerlarni ijaraga olishga xorijliklar qiziqish bildirdimi?

–2020 yil noyabr holatida 28 milliard so‘m, 7 million dollar va 1 million yevro miqdoridagi investitsiyalar jalb qilindi. Shuni hisobidan ekoturizmni rivojlantirish, pavlovniya plantatsiyasi, pistazorlar tashkil qilish va rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

–Shartnoma tuzayotgan investorlarning kelgusi yillar uchun manzilli dasturlari mavjudmi? Ularning ham o‘ziga xos talablari bo‘lsa kerak?

– 2030 yilgacha o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish uchun har bir yo‘nalishda 10 yillik rejamiz bor. Misol uchun, investitsiya kiritish va yangi ish o‘rni yaratishda ko‘mak berish uchun 40 ming gektar yerni o‘zlashtirib, ijaraga bermoqchimiz. Har yili qo‘shimcha ikki ming gektarga investitsiya kiritib, o‘zlashtiramiz. O‘tgan yil davomida 30 ming gektardan ko‘proq o‘rmon yerlari ijaraga berildi. Bunda yuridik shaxslarning 172, jismoniy shaxslarning 1725 loyihasi tasdiqlandi va 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.

Biz o‘rmon yerlarini chet el investorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara bermaymiz. Ular yurtimizda korxona ochib, keyin ijaraga yer olishi mumkin. Ularning talabiga keladigan bo‘lsak, ko‘pchiligi turizmni rivojlantirish uchun mehmonxona, bazalar qurib, daromad olishni istaydi. Biroq, ichki va tashqi investorlar o‘rmon yerlarida o‘rmonga zarar yetkazmasdan yengil konstruksiyali binolar ko‘rish uchun mahalliy hokimiyatdan ruxsat olishi kerak.

–Mazkur masalani yechimi yo‘qmi? Jarayonni osonlashtirish uchun takliflar ishlab chiqilganmi?

– O‘rmon to‘g‘risidagi ba’zi qonunlarga chorva uchun ayvonlar, ekoturizm uchun uychalar, mehmonxona va bazalarni qurishga o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi ruxsat berishi borasidagi taklifni kiritmoqdamiz.

Eslatma: suhbatni batafsil videoda ko‘rishingiz mumkin. Matnda qisqarishlar bor.

 

Sayyora SHOEVA, Yoqub MELIBOEV, O‘zA