Ta’lim-tarbiya egizak, ularni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi aslo. Maktabda sinf rahbarlarining tarbiyaviy soatlari o‘rni nihoyatda muhim.

O‘z navbatida u o‘qituvchidan katta mahoratni talab qiladi. Murg‘ak bolalarga fan asoslari bilan bir qatorda, tarbiya ham berish lozim. Hozir yosh pedagoglarda tajriba yetishmaydi, katta pedagoglarning tajribasi o‘zi bilan qolib ketmoqda.

Biz milliy tarbiya metodikamizni hayotga qaytarishimiz darkor. Tarbiya qanchalik hayotiy bo‘lsa va misollar bilan bola qalbiga yetkazilsa, bir umrga yodidan chiqmaydi. Tarbiyada barcha avlod vakillarining fikri va tajribasi inobatga olinishi maqsadga muvofiq. Agar ish faqat yoshlar qo‘liga topshirilsa – “komediya”, faqat qariyalarga topshirilsa – “tragediya”, agar shu ish hamohang bajarilsa – “ansanbl” bo‘ladi, degan ekan donishmandlardan biri.

TAJRIBA…

Bir keksa domla bo‘sh ko‘zani oldi va bolalardan biriga uni og‘zigacha toshchalar bilan to‘ldirishni buyurdi . Shogirdlariga savol berdi: – Aytinglar-chi, mening ko‘zacham to‘ldimi?

Unga javob berishdi: – Ha to‘ldi.

Shunda domla sinf oldida no‘xat to‘la bankani oldi va ichidagini ko‘zaga to‘kib bo‘shatdi. No‘xat tosh oralaridagi bo‘sh joylarni egalladi. Domla ikkinchi savolni berdi: – Endi ko‘zacha to‘ldimi?

O‘quvchilar yana tasdiqlashdi. Endi donishmand muallim qumli qutichani oldi va uni ham ko‘zachaga soldi. Qum no‘xat va toshlar orasidan sizib o‘tdi, butun bo‘sh joyni egalladi. Domla yana bir marta shogirdlaridan ko‘zacha to‘ldimi, yo‘qmi, deb so‘radi. Shogirdlar «ha», deyishdi va kulishdi.

Donishmand muallim aytdi: – Men sizlarga tushuntirishni xohlar edim, ko‘za, bu – sizlarning hayotingiz, toshlar – hayotning eng asosiylari – bolalar, do‘stlar, salomatlik. No‘xat – yoqimli, lekin uncha ham muhim bo‘lmagan jihatlari – uy-joy, ish, mashina, qimmatbaho buyumlar va hokazo. Qumlar esa har bir inson hayotini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan mayda-chuydalar. Agar ko‘za avval qum bilan to‘ldirilsa, toshlar u yoqda tursin, no‘xatga ham joy qolmasdi.

Umr ham xuddi shunday, agar arzimaydigan narsalarga sarflansa, eng asosiysiga vaqt qolmaydi, deb bolalariga o‘qtirdi.

AJOYIB MISOL…

Kunlarning birida matematika fani ustozi doskaga katta 1 raqamini yozdi va dedi: «Bu sizning tarbiyangiz, odamiyligingiz. Hayotda eng muhim xislatlar shular bo‘ladi”.

 

1 raqamidan keyin 0 yozdi va dedi: «Bu esa siz erishgan yutuqlar, tarbiya bilan sizni o‘n karraga yuksaltiradi”. Yana 0, bu – tajriba, qarang, inson “100″ga teng bo‘ldi. Shunday qilib 0 larni yozaverdi – ta’lim, muhabbat, omad… Har bitta qo‘shilgan 0 odamni har safar 10 barobar yuksaltiraverdi. So‘ngra ustoz qator boshida turgan 1 raqamini o‘chirdi. Doskada keraksiz, ma’nosi yo‘qolgan 0 lar qoldi… Ustoz dedi: «Ko‘rdingizmi, agar tarbiyangiz va odamiyligingiz bo‘lmasa, qolgan xislatlaringiz sariq chaqaga ham teng emas.

Darhaqiqat, tarbiya bizning ichimizdagi shunday misollarda. Uni tashqaridan izlash shart emas. Rumiy hazratlari aytadilarki, ichingdagi ichingdadur deb. Bizning ichimizda ulkan ummon bor, xalqda bu kabi tarbiyaga undovchi misollar bisyor, afsuski, ular keyingi paytlarda qo‘llanilmay qo‘yildi. Bularni bolalarga maktabda va oilada aytish kerak.

Ko‘pchilik yoshlarni tarbiyasidan nolib yurishadi. Yoshlardan ranjimang. Kimdir yoshlarni ranjitsa, demak, uning ishlari va kayfiyati joyida emas, balki alamzadadir. Ularni tushunishga harakat qiling. Yuqoridagi jonli misollar bilan tushuntiring, tarbiyalang. Qarg‘ab, so‘kib yotmang. Chunki bular sizga qaytuvchi xususiyatga ega.

Olam, bu bizning ko‘zgumiz. Uning rangin bo‘lishini istasak, demak, o‘zimiz uni shunday ko‘rishimiz kerak. Muhabbat bilan boqsangiz, hamma sizga muhabbatli, g‘azab bilan qarasangiz, hamma sizga dushman. Yoshlarga nisbatan ko‘zguni o‘zgartiring, ya’ni qalbingizga yorug‘likni kirgizing.

Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu millat maktabining salohiyati va bola ulg‘ayayotganda oilasining tarbiyasiga tayanadi. Qayerda maktab va oila ta’lim va tarbiyasi kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli bo‘ladi.

 

Baxtiyor KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi