O‘zbekistonning mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari va davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilgan tashabbuslar BMT tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bu esa ushbu nufuzli tuzilma bilan munosabatlar izchillik kasb etayotganini anglatadi.

O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi Konsuelo Vidal Bryus uchrashuvida aynan shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni ta’minlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

K.Bryus xonim O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholab, mamlakatimizning BMT bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi.

Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tizimli muloqotni davom ettirish, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish, umuman, hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni davom ettirishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA