Koreya Respublikasiga tashrif doirasida O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev mazkur mamlakat Korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi o‘rinbosari Seng Yun Chon bilan uchrashdi.

Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari hamda sohadagi muhim masalalar o‘zaro muhokama qilindi.

Komissiya vakillari tashkilotning faoliyati, asosiy vazifa va  funksiyalari taqdimotini o‘tkazdi.

Tuzilma mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish, jumladan, korrupsiyaviy jinoyatlarni tergov qilish, norma ijodkorligi jarayonlarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Komissiya tomonidan 500 dan ortiq qonunchilik hujjati korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan.

Tomonlar, shuningdek, amaliy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum loyihasini tayyorlash va uni imzolashga tayyorligini ma’lum qildi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA