Yurtimizning yashillik darajasini oshirish, yashil maydonlarni ko‘paytirish orqali atmosfera havosini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, keng ko‘lamli “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yilga qadar 588 gektar “yashil bog‘lar”, 662 gektar “yashil jamoat parklari”, Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch shaharlari atrofida jami 40 km masofada “yashil belbog‘”lar barpo etildi.

Bugungi kunda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar parlamentning doimiy e’tibori va nazoratida bo‘lib kelmoqda. Loyiha doirasida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan deputatlar tomonidan tizimli parlament nazorati amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli “Vazirlik bog‘”larining monitoringi olib borilmoqda. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2023-yilda va 2024-yilning o‘tgan davrida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish borasida vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan ishlar holati joylarga chiqqan holda o‘rganilmoqda. Xususan, deputatlar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Soyliq qishlog‘i hududida joylashgan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli “Vazirlik bog‘i”da bo‘lib, daraxt ko‘chatlarini ekishda bevosita ishtirok etdi.

Kuni kecha Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirayotgan ishlar holati yuzasidan axboroti eshitildi.

Axborotda qayd etilganidek, “Yashil makon” loyihasi doirasida 2023-yil bahor mavsumida vazirlikning hududiy boshqarma va tarkibiy tuzilmalarida 955 mingga yaqin daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, belgilangan reja 104.9 foizga bajarilgan. Shu bilan birga, loyiha doirasida joylarda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish, amalga oshirilayotgan ishlar ustidan samarali va ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozimligi qayd etildi.

Muhtarama Komilova,  

O‘zA