Bugun, 8-may kuni yana 79 kundan so‘ng Parijda boshlanadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari mash’alasi Fransiyaning Marsel portiga yetib keladi. Mash’alani kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosimda 150 mingga yaqin kishi ishtirok etishi kutilyapti.
Mash’ala XIX asrni eslatadigan noyob yelkanli kemadan quruqlikka o‘tadi va mamlakat hududi bo‘ylab 79 kun davomida 12 ming kilometr yo‘lni bosib o‘tadi. Estafetaga 450 ga yaqin shahar, muzofot guvoh bo‘ladi. Bu haqda insidethegames.biz sayti yozgan.
Ushbu tadbirlarda Fransiya sporti yetakchilari, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlari g‘oliblari, taniqli arboblar ishtirok etishi belgilangan. Ular orasida suzish bo‘yicha to‘rt karra Olimpiada sovrindori Floranu Manadu, basketbolchi Toni Parker, futbolist Dide Drogba bor.
Mash’alani kutib olish tantanasiga taklif etilgan mashhur futbolchi Zayniddin Zidan “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari homiylaridan biri “Coca-Cola” kompaniyasiga qarshi norozilik sifatida tadbirda qatnashishdan bosh tortdi.
“Parij-2024” tashkiliy qo‘mitasi raisi Toni Estange jurnalistlarga eng yirik sport anjumani yuz yil o‘tib, zamonaviy Olimpiya harakati tashabbuskori Per de Kuberten vataniga qaytishi tarixiy ahamiyatga ega ekani, bu voqea Olimpiya g‘oyasining azaliy an’anasiga sodiqlik yo‘lida tub burilish nuqtasi bo‘lishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, “Parij-2024” Olimpiadasi 26-iyul-11-avgust, yozgi Paralimpiya o‘yinlari esa 28-avgust-8-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA