O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida taniqli fotoijodkor Hotam Mamadaliyev asarlaridan iborat “Hindiston o‘zbek fotojurnalistlari nigohida” nomli fotoko‘rgazmaning yopilishi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar bunday tadbirlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Ushbu ko‘rgazma atoqli hind ijodkori Rabindranat Tagorning tavallud kuniga hamohang tarzda yakun topayotganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no mujassam, – dedi Hindistonning mamlakatimizdagi elchisi maslahatchisi Orif Said. – Zero, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, birodarlik aloqalari madaniyat, san’at, adabiyot sohasida yanada yorqinroq ko‘zga tashlanadi.

–  Xalqimiz Hindiston madaniyati va san’atiga katta hurmat bilan qaraydi,–  dedi O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov. – Bu jihatlar bizning oilada yaqqol ko‘zga tashlanar edi. Ayniqsa, Luiza opam hind qo‘shiqlarini o‘zgacha mehr va ishtiyoq bilan ijro etardi. Keyinchalik biz ham Rabindranat Tagor she’ri asosida “So‘nggi doston” qo‘shig‘ini yaratdik. Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari doim rivojlanib boraveradi.

– Ushbu ko‘rgazmada biz zamonaviy Hindistonni ko‘ramiz, shuningdek u Rabindratan Tagor siymosiga yana bir bor yaqinlashish uchun ham imkon beradi, – dedi O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori, atoqli san’atshunos olima Kamola Akilova. – Tagorlar sulolasi vakillari Hindiston san’ati zamonaviy tendensiyalar bilan boyishiga faol hissa qo‘shganlar. Bunday ko‘rgazmalar ikki xalq do‘stligining yana bir yorqin namunasidir.

Aytish kerakki, ushbu ko‘rgazma Namanganda, keyinchalik esa Hindistonda ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu ko‘rgazma Tagor yashab o‘tgan diyor haqida keng va atroflicha ma’lumot berishi bilan yurtimizning san’at ixlosmandlari uchun  qiziqarli bo‘ldi. Taniqli fotograf, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbiri Hotam Mamadaliyev tomonidan suratga olingan fotolavhalar har bir tomoshabinni Hindistonga maftun etgani aniq!

 

Nazokat Usmonova,  

Rustam Nazarmatov (surat),  

O‘zA