Ma’naviy-ma’rifiy tadbir

Ajiniyoz  nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Ellikqal’a pedagogika fakultetida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madhiyasi muallifi Ibroyim Yusupov va O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, M.Qoshg‘ariy va M.Sholoxov nomidagi xalqaro mukofotlar laureati To‘lepbergen Qaipbergenov tavalludining 95-yilligiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpoq adabiyotining qo‘sh boyteragi deb nom olgan ikki siymo ham 1929-yilda (I.Yusupov 5-may, T.Qaipbergenov 7-may kuni) tavallud topgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakat poytaxtidagi Adiblar xiyobonida ikki zabardast so‘z san’atkoriga haykal qo‘yildi. Nukusda shoir nomidagi ijod maktabi ish boshladi.

Tadbirda talaba yoshlar tomonidan  ijro qilingan shoir she’rlari va yozuvchi asarlaridan sahna ko‘rinishlari barchada katta taassurot qoldirdi.

Mehnat yarmarkasi  

Amudaryo muhandislik texnikumida “Karera kuni” hamda Mehnat yarmarkasi tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi muassasa, korxona hamda tashkilotlar mas’ullari, faol tadbirkorlar, ishbilarmonlar ishtirok etdi.

Mehnat yarmarkasida tumandagi turli korxona va tashkilotlar o‘zlarida mavjud bo‘lgan 339 ta, bundan tashqari, salohiyatli tadbirkorlar – “Rasulov Oybek taomlari” oilaviy korxonasi 50 ta, “JKB Energy Amudaryo group” MCHJ 100 ta, “Jumamurod usta” MCHJ 10 ta, “Ravshanbek Yulduzxon” xususiy korxonasi 10 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi.

Mehnat yarmarkasida aholining turli toifa qatlamlari, jumladan, yoshlar, ayollar, bitiruvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan, harbiy xizmatdan kelgan, mehnat migratsiyasidan qaytgan yurtdoshlarimiz, shuningdek, aliment to‘lovchilar jami 145 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ularning 21 nafari doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 12 nafariga kasbga o‘qitish, qayta o‘qish kurslariga yo‘llanma berildi. 60 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga joylashtirilib, mehnat qonunchiligiga oid masalalar bo‘yicha 39 nafar fuqaroga huquqiy maslahat berildi.

Bundan tashqari tuman hokimi yordamchilari tomonidan 13 nafar ishsiz xotin-qizga bandligini ta’minlash maqsadida subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi.

Parij – 2024 yo‘llanmasi egasi munosib kutib olindi  

Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida qoraqalpog‘istonlik Shahzoda Ibragimova ham ishtirok etib, Parij – 2024 yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.

Nukus xalqaro aeroportida Osiyo chempioni Shahzoda Ibragimova tantanali ravishda kutib olindi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Sport vazirligi mutasaddilari, sport ustalari bilan bir qatorda sportchining yaqinlari ishtirok etib, g‘alabasi bilan qutladi hamda Olimpiada o‘yinlarida yuqori natijaga erishishi uchun omad tiladi.

Ta’kidlash joizki, guruh mashqida ishtirok etgan vatandoshlarimiz ko‘pkurash dasturida 69.95 ball to‘plab, oltin medal bilan birga, Parij – 2024 olimpiadasi yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.