Pekin shahrida O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Xitoy Fuqarolik ishlari vazirligi delegatsiyalari o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Agentlik direktori Mansurbek Olloyorov uchrashuv tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, Xitoy vazirligining ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladi. U yolg‘iz keksalar uchun mobil xizmatlarini tashkil etish, mahalla darajasida xizmatlarni rivojlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlikni boshlashni taklif qildi.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlab, bolalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish sohasida o‘zaro tajriba almashishdan manfaatdorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, Xitoy tomoni 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Ijtimoiy himoya: Barqaror rivojlanish va tenglik sari yo‘l” mavzusidagi Butunjahon konferensiyasida ishtirok etishga taklif etildi.

Bu hamkorlik har ikki mamlakat aholisining hayot sifatini yaxshilash uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

 

Sh.Mamaturopova,

O‘zA