O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda AQSH Davlat departamentining Giyohvand moddalarning noqonuniy xalqaro aylanishiga qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha byurosi (INL) bilan hamkorlikda yangi loyiha ishlab chiqildi.

Bu “O‘zbekistonda jinoiy aktivlarni qaytarish tizimi samaradorligini oshirish” loyihasi bo‘lib, uning ishga tushirilishi munosabati bilan Bosh prokuraturada tadbir tashkil etildi.

Unda Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev hamda loyihani ishlab chiqishda hamkorlik qilgan xalqaro tashkilotlar vakillari, tizim xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur loyiha doirasida jinoiy aktivlarni qaytarish va boshqarish sohalarida milliy qonunchilik normalari takomillashtiriladi.

Xodimlarning sohaga doir bilim va ko‘nikmalari oshiriladi. Faoliyatga yangicha yondashuvlarni joriy etish, xususan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya yutuqlarini joriy etgan holda jinoiy aktivlarga doir ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Bosh prokuraturaning xorijiy davlatlar vakolatli organlari bilan jinoiy-huquqiy sohada xalqaro hamkorlik aloqalari yanada kengaytiriladi.

Tadbirda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar xususida fikr almashildi. Kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA