Ayni kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Ab-u-Dabi shahrida XIII yillik investitsiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi  ham qatnashmoqda.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, bu gal ham dunyoning yetakchi investitsiya tadbiri sifatida tanilgan mazkur platforma global investitsiya landshaftidagi tendensiya va imkoniyatlarni muhokama qilish uchun butun dunyo bo‘ylab sanoat sohasi yetakchilari, siyosatchilar hamda investorlarni o‘zida jamladi.

Tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasi savdo aloqalarini mustahkamlash va yangi investitsiya imkoniyatlarini o‘rganishga qaratilgan bir qator ikki tomonlama muhokamalar o‘tkazishi kutilmoqda. Ushbu hamkorliklar O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, energetika va texnologiya kabi muhim sohalardagi strategik tashabbuslarini ilgari suradi. Bu esa mamlakatning iqtisodiy barqarorligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shuningdek, delegatsiya turli uchrashuv va sessiyalarda ishtirok etib, O‘zbekistonning investitsiya muhiti hamda mamlakatda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan islohotlar haqida fikr almashmoqda. Sessiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirishni yaxshilash va biznes operatsiyalarining shaffofligini oshirishga qaratilgan so‘nggi qonunchilik islohotlarini o‘zida aks ettirmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, investitsiya yig‘ilishi o‘z ishini 9-may kuni yakunlaydi.

 

N.Ziyodullayeva tayyorladi,  

O‘zA