Sut tishlari qachon chiqadi va bolalar tishlarining mustahkamligini saqlash talab-qoidalari nimalardan iborat?

Tibbiyot fanlari doktori Abduazim Yo‘ldoshev shu kabi mavzuga oid savollarga javob berdi?

– Sut tishi chiqishining kechikishi kasallik alomatimi?

– Odatda, sut tishlari go‘dakning besh-olti oyligidan boshlab chiqadi. Sut tishlar bola 11-12 yoshga yetganida doimiysiga almashadi. Go‘daklar uchun mo‘ljallangan sutli bo‘tqalar, turli aralashmalar sut tishlari chiqishini sekinlashtirishi mumkin. Ya’ni, sut tishi olti oydan o‘tib yorib chiqa boshlaydi va bu kasallik emas. Bunday holatga kaliy yetishmovchiligi ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois pediatr maslahatini olish tavsiya etiladi.

– Nima sababdan tish yuzasi qorayib qoladi? Uni ketkazish mumkinmi?

– Tish karashlari hisobiga tish oldi yuzasi va milk atrofida qorayish paydo bo‘ladi. Ammo bu holat kariyes bilan bog‘liq emas. Kelib chiqish sababi esa tishlarni noto‘g‘ri parvarish qilishdir. Tish karashlari maxsus tibbiy asbob-anjomlar yordamida tozalanadi.

– Bolalar tishini yaxshi parvarishlash uchun qanday tish pastasi va cho‘tkasini tavsiya qilinadi?

– Bolalar uchun mo‘ljallangan tish pastalari kattalar foydalanishi uchun ishlab chiqarilganidan tubdan farq qiladi. Bolalar tish cho‘tkalari yumshoq va kalta o‘lchamli bo‘lib, qo‘llanilganida tish yuzasida va oralig‘idagi ovqat qoldiqlarini to‘liq olib chiqib keta olishi kerak. Odatda, bolalar tish pastasiga meva ta’mi qo‘shiladi. Tishlarni tozalash mahali bola og‘izda achchiqlikni sezmasa, tish tozalashdan qochmaydi. Aksincha, kattalar tish pastasidan foydalangudek bo‘lsa, tishlarni tozalash unga yoqmasligi mumkin.

– Bolajonlarning tishlari sog‘lom bo‘lishi uchun tavsiyalaringiz…

– Avvalo, og‘iz bo‘shlig‘ida gigiyena qoidalariga rioya etilishi muhim. Bola tishlarini bir kunda ikki mahal tozalashga odatlanishi kerak. Taomlangandan so‘ng ovqat qoldiqlari tish orasida qolib ketmasligi uchun maxsus eritmalar yordamida og‘izni chayqash tavsiya etiladi. Ota-onalarga ana shu holatga e’tiborli bo‘lishlarini maslahat beraman. Bola har safar ovqatlanganidan keyin og‘izni chayishga odatlansa, tishlari kasallanmaydi.

 

O‘zA