Respublika tovar-xom ashyo birjasidan ma’lum qilishlaricha, dekabr oyida ochiq birja savdolari orqali 2,8 trillion so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 33 foizga ko‘pdir. Sotuvchi va xaridorlar shaffof birja savdolarida erkin ishtirok etmoqda.
1-18 dekabr oralig‘ida birja savdolari orqali 100,3 ming tonna texnik paxta chigiti va 7,1 ming tonna paxta yog‘i sotildi. O‘tkazilgan savdolar natijasida paxta yog‘ining o‘rtacha narxi joriy yilning noyabr oyiga nisbatan 3,7 foizga pasayib, mahsulotning bir tonnasi uchun 12 578,6 ming so‘mni tashkil qildi.
Dekabr oyida birja savdolariga 315,3 ming tonna sement mahsulotlari qo‘yilgan bo‘lib, bu joriy yilning noyabr oyiga nisbatan qariyib ikki marotabaga kamdir. Shu bilan birga, sementning o‘rtacha boshlang‘ich narxi sotuvchi korxonalar o‘rtacha 455,1 ming so‘mdan 472,8 ming so‘mga, ya’ni 4 foizga ko‘tarildi. Natijada sementning dekabr oyidagi o‘rtacha narxi joriy yilning noyabriga nisbatan 6 foizga o‘sib, mahsulotning bir tonnasi uchun 559,5 ming so‘mni tashkil qildi.
Xuddi shunday AI-80 rusumli avtomobil benzini sotuvchilarining boshlang‘ich bahosi ham noyabr oyiga nisbatan 8,5% ga ko‘tarilib, o‘rtacha 5 691 ming so‘mni tashkil qildi. O‘z navbatida benzinning birjadagi narxi mos tarzda 8% ga o‘sdi va mahsulotning bir tonnasi uchun 5 731,7 ming so‘mni tashkil etdi. (benzinning bir tonnasi o‘rtacha – 1293-1370 litr).
Shuningdek, dekabr oyida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida oltinning sotuvi bo‘yicha maksimal ko‘rsatkich qayd etildi. Xususan, birja savdolari orqali 75 kg oltin sotilib, qimmatbaho metallning bir grammi o‘rtacha 615,9 ming so‘mni tashkil qildi.