Yosh dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning professional mahoratini yuksaltirish hamda innovatsion g‘oya va loyihalarini amalga oshirishi uchun imkoniyat yaratish mamlakatimiz softver sanoatini rivojlantirishning muhim omillaridan biridir. Poytaxtimizda yoshlar o‘rtasida dasturiy ta’minot ishlanmasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan “Best Soft Challenge – 2017” an’anaviy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimida shu haqda so‘z yuritildi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkentdagi Inha universiteti, “BePro”dasturchilar markazi hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu an’anaviy tanlov dasturiy ta’minot ishlanmalari bilan shug‘ullanuvchi yosh iste’dodlarni aniqlash va rag‘batlantirish, ularning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda yurtimiz dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Tadbir yoshlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga qiziqishi va texnik savodxonligi oshganini ko‘rsatdi. Yil sayin tanlov ishtirokchilari soni va hakamlar hay’atiga taqdim etilayotgan loyihalarning professional tayyorgarlik darajasi ortib bormoqda. Joriy yilda tanlovning ilk bosqichida ishtirok etish uchun yurtimizning barcha viloyatlaridan 300 dan ortiq ariza kelib tushgan. Unda akademik litsey, kasb-hunar kolleji va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 25 yoshgacha bo‘lgan talaba-yoshlar dasturiy ta’minot ishlanmasi bo‘yicha o‘z kuchi va bilimini sinovdan o‘tkazdi.
Joriy yilgi tanlovga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Ilgari qatnashchilar tayyor dasturiy yechimlarni taqdim etgan bo‘lsa, bu gal hakamlar hay’ati e’tiboriga “Aqlli shahar”, “Kompyuter va mobil o‘yinlar”, “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi eng yaxshi loyihalar”, “AKT sohasidagi innovatsion g‘oya” kabi to‘rt nominatsiya bo‘yicha loyiha va g‘oyalar havola etildi. Hay’at a’zolari har bir loyihaning dolzarbligi, o‘ziga xosligi, unda qo‘llanilgan texnologik yechimlar va interfeys qulayligini baholadi. Mazkur nominatsiyalar mamlakatimiz va dunyoda dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalaridan kelib chiqqan holda tanlov dasturiga kiritildi.
O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan va finalga yo‘llanma olgan yosh dasturchilar bir necha kun davomida mustaqil va videokonferensaloqa shaklida o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazdi. Hay’at a’zolari loyihalarni atroflicha o‘rganib, har bir nominatsiya bo‘yicha eng yaxshi ishlarni saralab oldi.
“VeloBOT” loyihasini taqdim etgan jamoa eng murakkab mexanik detallar yaratishga qodir ilg‘or muhandislik vositalaridan mohirona foydalangani uchun yuksak e’tirofga sazovor bo‘lib, “Aqlli shahar” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi. “Kompyuter va mobil o‘yinlar” nominatsiyasida interfaol tarzda kimyoviy tajriba o‘tkazish imkonini beruvchi “Mylab” tematik veb-sahifasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. VR-texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalangan holda mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga bag‘ishlangan “VR Tours” loyihasi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi eng yaxshi loyihalar” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Maxsus MAS manzil uchun RNR dastlabki kodini shifrlash uchun yaratilgan dastur “AKT sohasidagi innovatsion g‘oya” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Muhim ma’lumotni shifrlash kiberxavfsizlikni ta’minlashning muhim omillaridandir, – deydi “AKT sohasidagi innovatsion g‘oya” nominatsiyasi g‘olibi D.Abdulatipov. – Men yaratgan dastur ma’lumotni shifrlaydi, undan faqat shifrlash amalga oshirilgan komputerdagina foydalanish mumkin. Shu sababli ushbu dasturdan keng miqyosda foydalanish imkoniyati mavjud. Undan ayniqsa, maxfiy ma’lumotlarni himoyalash zarur bo‘lgan barcha sohalarda ham samarali foydalanish mumkin.
Mamlakatimizda, shuningdek, maktab yoshidagi o‘quvchilar yaratgan dasturlash tillarini o‘rganishga qaratilgan o‘quv dasturlari ham ijobiy natijalar bermoqda. Joriy yilda “Best Soft Challenge – 2017” tanlovining tomoshabinlar e’tirofi sovrini “Alpomish” qadimiy o‘zbek xalq dostoni asosida komputer o‘yini yaratgan 12-13 yoshli qizlar jamoasiga berildi. Ushbu jamoa qizlari so‘nggi ikki yilda Toshkentdagi Inha universitetining bolalar uchun mo‘ljallangan “Codecraft” dasturchilar kursida tahsil olib kelmoqda.
– Ezgulik va adolatga ishonchni tarannum etuvchi qadimiy o‘zbek xalq dostonini o‘qigach, bizda uning asosida komputer o‘yini yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi, – deydi poytaxtimizdagi 307-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi K.Yo‘ldosheva. – “Codecraft” kurslarida biz nafaqat dasturlash, balki jamoa bo‘lib ishlash, majburiyatlarni o‘rtada taqsimlashga o‘rgandik va bu g‘oyalarimizni amalga oshirishda qo‘l keldi.