Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi o‘rtasida yoshlar masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi B.Islomov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi E.Shukurov mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan ulkan imkoniyatlar yigit-qizlarning ezgu maqsad va orzu-istaklari amalga oshishiga zamin yaratayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, bu boradagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga doir aniq vazifalar belgilab berilgandi.

Mazkur memorandum mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida yoshlarning ishtirokini faollashtirish, yosh avlodni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash, turli zararli illat va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, uyushmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda memorandumning mazmun-mohiyati, u asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamkorlikdagi loyihalar haqida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, memorandumda uyushmagan yoshlar bilan ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqot yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Yoshlarni sud organlari tizimi va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida turkum uchrashuvlar tashkil etiladi.

Memorandumda jinoyat ishi sudda ko‘riladigan yoshlarning shaxsini, oilaviy sharoitini, ma’naviy muhitini o‘rganib chiqish hamda ushbu shaxsga kafolat xati berish tartibini belgilovchi namunaviy qoidalar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tomonidan sudga taqdim etish maqsadida kafillikka olinuvchi shaxs yangi jinoyat sodir etishining oldini olish, uni sog‘lom muhitga qaytarish, o‘qish yoki kasbga yo‘naltirish borasida aniq va maqsadli individual dasturlar loyihasi tayyorlanadi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA