O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev pandemiya sharoitiga qaramay, iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish, odamlar hayotini yaxshilash borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tashrifning ikkinchi kuni Qarshi shahrida viloyat faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Tadbir boshida viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy holati tanqidiy tahlil qilindi.

– Bu yerga kelishimdan asosiy maqsad – sizlar bilan birga hudud rivojiga kuchli turtki berish bo‘yicha aniq vazifa va chora-tadbirlarni belgilab olish. Qashqadaryo o‘zining salohiyatiga mos yashamayapti, mamlakatimizning ko‘pgina hududlaridan ancha orqada, – dedi davlat rahbari.

Bu zamin ulkan imkoniyatlarga ega. Lekin uning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohalar ahvoli bunga mutlaqo mos emas. Oxirgi 10 yil ichida viloyatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 9,4 foizdan 7,1 foizga, sanoatdagi ulushi esa 11 foizdan 6 foizga tushib ketgan.

– Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimizdagi eng past ko‘rsatkichlardan biri. Qashqadaryo eli shunga munosibmi? – deya savol qo‘ydi Prezident.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ilmiy asos va innovatsion yondashuv yo‘q, viloyat iqlim sharoitiga mos yangi navlar yaratilmagan. O‘tgan yili paxta hosildorligi gektariga 19 sentnerni yoki yurtimizdagi eng quyi ko‘rsatkichni tashkil etgan. Qishloq xo‘jaligi texnikalari yetishmaydi. Mahsulotlarni qayta ishlash darajasi ham past.

Shavkat Mirziyoyev hududdagi irrigatsiya va melioratsiya holatini keskin tanqid qildi. Noto‘g‘ri sug‘orish oqibatida yerlarning 45 foizi sho‘rlangan. Ayniqsa, bu borada Muborak, G‘uzor, Nishon va Kosonda ahvol juda og‘ir. 38 ming gektar maydon foydalanishdan chiqib ketgan. Tomchilatib sug‘orish jami sug‘oriladigan maydonning bor-yo‘g‘i 2,4 foizida joriy qilingan.

Aholining ichimlik suvi ta’minoti viloyat bo‘yicha 50 foizni, xususan, Kosonda 26, Dehqonobodda esa atigi 4 foizni tashkil qiladi. Quvurlarning 60 foizi ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Qarshi shahrining kanalizatsiya tizimi ham eskirgan. Avtomobil yo‘llarining 8 ming 700 kilometri yaroqsiz holga kelgan.

Ta’lim va tibbiyot sifati masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Viloyatning 88 maktabida “smena” ko‘rsatkichi yuqori ekani, bir nechta maktab filiali binosi paxsadan qurilgani ko‘rsatib o‘tildi. Qashqadaryo yoshlari oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatda 13-o‘rinda. Bu yil 191 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi oliy o‘quv yurtlariga kira olmagan.

Tor sohalar bo‘yicha 257 ta, birlamchi bo‘g‘inda 855 ta shifokor yetishmaydi. Hududda qo‘shimcha 18 ta oilaviy poliklinika va 30 ta oilaviy shifokorlar punktiga talab mavjud. Har bir oilaviy poliklinikaga o‘rtacha 25-30 ming nafardan fuqaro to‘g‘ri kelishi lozim bo‘lsa-da, viloyatda bu ko‘rsatkich 90 mingtani tashkil etadi.

Yig‘ilishda shu kabi muammolar, mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, Qashqadaryoni kompleks rivojlantirish va aholining hayot sharoitini yaxshilashga doir ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

– Qashqadaryoda barcha sohalarda vaziyat tubdan o‘zgarishi shart. Buning uchun viloyatda hamma imkoniyat bor. Hamma uyg‘onishi kerak, – dedi Prezident.

Hokimlarning takliflari va viloyatdagi muammolarning tahlilidan kelib chiqib, tadbirkorlik asosiy yo‘nalish etib belgilandi. 2021 yil Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish yili, deb e’lon qilindi. Bu borada manzilli ishlash uchun tuman va shaharlarga vazirlar, tarmoq va banklar rahbarlari biriktirildi.

Davlatimiz rahbari bugungi bozor talabi va «o‘sish nuqtalari»dan kelib chiqib, tumanlarni muayyan iqtisodiyot yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish zarurligini ta’kidladi.

Xususan, Yakkabog‘, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz va Kitob tumanlari bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtiriladi. G‘uzor va Muborak tumanlarida neft, gaz-kimyo, Chiroqchi va Dehqonobod tumanlarida qurilish materiallari bo‘yicha ko‘plab korxonalar tashkil etish mumkin.

Kasbi, Nishon, Mirishkor va Koson tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirib, yirik komplekslar va kichik bo‘rdoqichilik fermalari tashkil etish, ozuqa bazasi uchun yer ajratish vazifasi qo‘yildi.

Moliya vazirligiga chorvachilik uchun o‘zlashtiriladigan yer, boqilgan har bir bosh qoramol uchun subsidiya berish mexanizmini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Viloyatda 2021-2022 yillarda amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 28 trillion so‘m bo‘lgan 950 ta loyiha ishlab chiqilgan. Bu loyihalar natijasida 15 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Kambag‘allikni qisqartirish, yordamga muhtoj va ishsiz aholiga daromad manbai yaratish choralari ko‘rib chiqildi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda 50 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz aholini uy-joy bilan ta’minlash, yo‘llar, ichimlik suvi tarmoqlari qurish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Viloyatda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini 79 foizga, xususan, bu borada vaziyat og‘ir bo‘lgan G‘uzor tumanida 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Yoshlar va ayollar manfaatlarini ta’minlash masalasi chuqur tahlil qilindi.

– Viloyatda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Hokimlar har haftada bir kunni yoshlar bilan ishlash kuni, deb e’lon qilib, ularning muammolari bilan shug‘ullanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 2 ming 815 nafar ayolning turmush sharoitini yaxshilash, ishsiz xotin-qizlarni «Ustoz-shogird» an’analari asosida hunarmandchilikka jalb etish choralari belgilandi.

– Biz tanlagan yo‘l – mashaqqat yo‘li. Qashqadaryo bo‘yicha ulkan rejalarimiz bor, juda katta mablag‘ berilyapti. Endi eng asosiy vazifa va talab – shu mablag‘ni to‘g‘ri yo‘naltirib, odamlar manfaati uchun ishlatish, yaxshi sharoit yaratish, – dedi davlatimiz rahbari.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrining Navo mahallasida qurilayotgan yangi turar joylarni ko‘zdan kechirdi.

Bu hududda jami 39 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, besh bosqichda amalga oshiriladi.

Ayni paytda birinchi bosqichda 16 qavatli 3 ta turar joy qurib bitkazilgan.

Qayd etish kerakki, shu paytgacha viloyat hududida 7 qavatdan baland uy qurilmagan. Shu sababli bunyodkorlikda seysmologiya va arxitektura talablariga alohida e’tibor qaratilgan. Sifatli, energiya tejovchi materiallardan foydalanilgan. Xonadonlarning har biriga alohida suv isitish qozoni o‘rnatilgan.

Davlatimiz rahbari uylarning qurilish texnologiyasi va sifatiga e’tibor qaratdi. Yong‘in xavfsizligini, kommunal xizmatlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Hudud obodonlashtirilgan, bolalar maydonchasi tashkil etilgan. Yana 4 ta 16 qavatli uyni kelasi yil mart oyida foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Shuningdek, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, poliklinika, supermarket, sport maydonlari, istirohat bog‘i va boshqa ob’ektlar barpo etiladi.

Bu yerda avtomobil yo‘llari qurish va ta’mirlash, Qarshi shahrida isitish, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti o‘tkazildi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga safari yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA