Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari! Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari va ko‘rgazma ishtirokchilari!

Avvalambor, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Janobi Oliylariga Import mahsulotlari uchinchi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Ushbu tadbirga o‘z mamlakatlarining iqtisodiy muvaffaqiyatlari, eng yangi ishlanma va mahsulotlarini namoyish etish maqsadida yig‘ilgan barcha ishtirokchilarni qutlayman.

Bugun EKSPO-2020 ko‘rgazmasida 180 mamlakat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Bu XXRning xorijiy sheriklar bilan munosabatlari sur’ati ortib borayotganining yorqin dalilidir.

Afsuski, koronavirus pandemiyasi xalqaro iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Jahon savdosi hajmlari kamaydi, global ishlab chiqarish zanjirlari va savdo aloqalari qisman uzildi.

Pandemiya keltirib chiqargan global ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz ikki tomonlama va mintaqaviy darajada yanada yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikka o‘tkir zarurat borligini ko‘rsatdi.

EKSPOdek yirik tadbirning o‘tkazilayotgani Xitoyning milliy iqtisodiyotni tiklashda erishayotgan muvaffaqiyatlaridan hamda keng ko‘lamli xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik nihoyatda zarur ekanidan dalolat beradi.

Bunday xalqaro maydonlar iqtisodiy muloqotni rivojlantirish va pandemiya keltirib chiqargan global ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tez fursatda hal etishning muhim omili bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Fursatdan foydalanib, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda O‘zbekistonga ko‘rsatilgan salmoqli yordam va ko‘mak uchun Xitoy Xalq Respublikasi rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman.

Hurmatli ko‘rgazma ishtirokchilari!

O‘zbekiston Xitoy bilan iqtisodiyotlarimiz o‘zaro bir-birini to‘ldirib turishi asosida keng iqtisodiy sheriklikda katta istiqbollarni ko‘rmoqda.

Mamlakatimiz Shanxayda o‘tkazilgan avvalgi EKSPO ko‘rgazmalarida faol ishtirok etdi, bu ikki tomonlama savdo va investitsiyaviy hamkorlikka katta sur’at bag‘ishladi.

Bu safar ham O‘zbekiston kompaniyalari, pandemiyaga qaramay, ushbu tadbirda keng ishtirok etmoqda.

Qadrli do‘stlar!

Xitoy Xalq Respublikasi Raisining savdo sohasida barqarorlikni ta’minlash, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, shuningdek, turli mamlakatlar iqtisodiyotlarining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash orqali global iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi strategik kursi O‘zbekistonda yuksak baholanmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning eng muhim jihatlariga to‘xtalishni istardim.

Birinchidan. O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotni, shu jumladan tashqi savdo rejimini liberallashtirish izchil amalga oshirilmoqda.

Jahon savdo tashkilotiga kirish va yanada qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha masalalar hal qilinmoqda.

Normativ-huquqiy bazamizni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish borasida faol ish olib bormoqdamiz. Bojxona-tarif, fiskal tartibga solish va eksport-import protseduralari mexanizmlarini takomillashtiryapmiz, ularni sezilarli darajada soddalashtiryapmiz, “yashil yo‘laklar”ni shakllantirish davom etmoqda.

Ikki mamlakat bozorlarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasini kelishish va ularni ishlab chiqarish loyihalariga investitsiyalar yo‘naltirilishini rag‘batlantirish taklif etiladi.

Ikkinchidan. Transport sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim yo‘nalish hisoblanadi.

O‘zbekistonda transport-tranzit salohiyatini jadal rivojlantirish, mintaqada quruqlikdagi kommunikatsiyalarning samarali tizimini shakllantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Biz mintaqaviy va hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun keng istiqbollar ochib berayotgan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini faol qo‘llab-quvvatladik.

Bugun Markaziy Osiyo, Buyuk ipak yo‘li davrlarida bo‘lganidek, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va transport-tranzit yo‘laklarining xabiga aylanishi mumkin.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yangi multimodal transport yo‘lagi ochilganini olqishlaymiz, ushbu marshrut bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihasini tezlashtirish tarafdorimiz.

Shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida “quruqlikdagi portlar”, logistika va ulgurji-distribyutorlik markazlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishni taklif etamiz.

Markaziy va Janbuiy Osiyo temir yo‘llari tizimlarini bog‘laydigan yangi transport yo‘laklarini yaratish borasidagi tashabbuslar katta ahamiyatga ega.

Bu Yevroosiyo qit’asidagi quruqlik transporti tizimini tutashtirish imkonini beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifini ilgari surgan edim.

Ushbu tashabbus sheriklar va xalqaro tashkilotlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilamiz.

Uchinchidan. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston o‘zining industrial taraqqiyotini jadallashtirmoqda. Biz xomashyo eksportini qisqartirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va ko‘paytirish siyosatini amalga oshiryapmiz.

Shu ma’noda, sanoat kooperatsiyasini faol rivojlantirish, birinchi navbatda, mineral-xomashyo resurslarni chuqur qayta ishlash va eksport bozorlariga chiqish uchun yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish tarafdorimiz.

Shu maqsadda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma dastur qabul qilishni hamda qo‘shma investitsiya fondlari, sarmoyalarni kafolatlash va sug‘urtalash kabi vositalar yordamida  ikki mamlakat biznes vakillarini aniq loyihalarni amalga oshirishga rag‘batlantirishni taklif etamiz.

To‘rtinchidan. Pandemiya munosabati bilan iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish alohida dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Xalqaro savdo, bojxona rasmiylashtiruvi, transport, ta’lim sohalariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Elektron savdo maydonchalaridan foydalanish hisobiga savdo hajmlarini yanada oshirish muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston elektron tijorat sohasida istiqbolli takliflarni amalga oshirishda hamkorlikka tayyor.

Beshinchidan. COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat global kun tartibining asosiy masalasi bo‘lib qolmoqda. Ushbu inqiroz uzoq davom etishi ehtimoldan xoli emas.

O‘z-o‘zidan ravshanki, ishlab chiqarish sur’atlarining pasayishi, tibbiy tovarlarga ehtiyojlarning ortishi, moliyaviy beqarorlik va global yetkazib berish zanjirlarining buzilishi sharoitida hech bir mamlakat yakka holda pandemiyaning salbiy oqibatlarini yengib o‘ta olmaydi.

Vaziyat ushbu hayotiy muhim masalada jipslashishni, muvofiqlashgan va, eng muhimi, samarali harakatlarni taqozo etmoqda.

Shu munosabat bilan tibbiyot sohasidagi hamkorlikni, pandemiya va transchegaraviy tusdagi epidemiologik tahdidlarga qarshi kurashishda tajriba almashishni kuchaytirishni taklif etamiz.

Muhtaram xonimlar va janoblar!

EKSPO-2020 yakunlari jahon savdosini tiklash va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish jarayoniga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashiga ishonamiz.

Ko‘rgazmaning barcha ishtirokchilari faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.