Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayadi

22-oktyabr kuni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Koreya importchilar uyushmasi (KOIMA) oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. 
Koreya importchilar uyushmasi 1970-yil Koreya Respublikasi hukumati qarori bilan tashkil etilgan. Koreyalik importchilar, distribyutorlar, xorijiy ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar vakillari assotsiatsiyasi boʻlgan mazkur tashkilot faoliyatining asosiy maqsadi tovar, xomashyo va xizmatlar importini yengillashtirishdir.
Forumda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov Oʻzbekiston va Koreya ishonchli sheriklar ekanini taʼkidladi.
4.JPG
– Ikki mamlakat Prezidentlarining shaxsiy tashabbusi va saʼy-harakatlari tufayli oʻzaro aloqalar nafaqat savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, balki ilmiy, texnologik, ijtimoiy-madaniy, intellektual hamkorlik sohalarida ham izchil rivojlanmoqda. Davom etayotgan global inqirozga qaramay, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabat ijobiy oʻzgarishlarni namoyish qilmoqda.
Koreya importchilar uyushmasi (KOIMA) rahbari Xong Kvan Xi mamlakatlarimiz vaqt sinovidan oʻtgan strategik sheriklar ekanini qayd etarkan, hamkorlikdagi ishlar natijasida savdo-iqtisodiy aloqalar barcha yoʻnalishlarda izchillik kasb etayotganiga eʼtibor qaratdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari, shuningdek, Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida tovar ayirboshlashni yana-da kengaytirish masalalarini muhokama qilindi.
2.JPG
Taʼkidlash joiz, ushbu uchrashuv tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, xususan, xalqaro savdo uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Maʼlumki, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarish, mamlakatimiz eksport salohiyatidan unumli foydalanishga qaratilgan siyosat tufayli keyingi yillarda nafaqat eksport geografiyasi kengaymoqda, balki mahsulotlar turi va koʻlami ham ortmoqda.
Masalan, soʻnggi ikki yilda Oʻzbekiston koʻplab hamkor mamlakatlar qatori Janubiy Koreyaga ham oziq-ovqat va yengil sanoat mahsulotlari eksportini yoʻlga qoʻydi.
1.JPG
Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanadi. 2020-yilning sakkiz oyi davomida oʻzaro savdo aylanmasi 1 milliard 449 million dollarni tashkil etgani ham Janubiy Koreya Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatida muhim oʻrin egallashini koʻrsatadi.
Oʻzbekistonning eksport-import amaliyotida koreys kompaniyalari ham muhim rol oʻynamoqda. 2020-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, mamlakatimizda koreys kapitali ishtirokida 863 korxona faoliyat olib bormoqda. Oʻzbekiston iqtisodiyotiga hozirgacha Koreya Respublikasi kiritgan jami investitsiyalar miqdori 7 milliard dollardan oshdi.
Forumda ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro tovar ayrboshlash hajmini oshirish, mamlakatlarimiz ishlab chiqaruvchilari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Oʻzbekiston eksportchilarining Koreya bozoriga chiqishini qoʻllab-quvvatlash masalalari ham muhokama etildi.
S.RAHIMOV, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA