Qaror va ijro
“Xorazm lazgi raqsi” oʻziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan maʼlumu mashhur.
Dunyoda sanoqli raqslar qatorida ushbu raqs ham YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgani fikrimiz tasdigʻidir.
Maʼlumotlarga koʻra, bugunga kunga qadar dunyoning ana shunday betakror 6 ta raqsi YUNESKOning ushbu roʻyxatiga kiritilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 28-sentyabr kuni “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisi”gi qarorni imzoladi. Unda oʻzbek raqsi sanʼati tarixida alohida oʻrin egallagan “Xorazm lazgi raqsi”ning asriy anʼanalarini saqlash, rivojlantirish maqsadida “Lazgi” xalqaro raqs festivalini munosib oʻtkazish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
– Prezidentimizning xalqaro lazgi festivalini oʻtkazishga doir qarori eʼlon qilinishi bizni gʻoyat quvontirdi, – deydi Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi raisi Amirqul Karimov. – Ushbu raqsning YUNESKO roʻyxatiga kiritilishi nominatsiyani taqdim etgan mamlakatdan maʼlum choralar koʻrishni taqozo etadi. Shu maʼnoda, avvalroq Lazgi akademiyasining tashkil etilishi haqidagi Prezidentimiz tashabbusi gʻoyat oʻrinli boʻldi.
Nega deganda, mana Hindistonni olaylik. Bu mamlakatga hind raqslarini oʻrganish uchun dunyoning turli davlatlaridan raqs ixlosmandlari kelib, raqs oʻrganadi. Raqslarimiz nihoyatda benazir, jozibasi hind raqslaridan oʻtsa-oʻtadiki, aslo qolishmaydi. Biz shu vaqtgacha raqslarimiz targʻiboti yoʻlida Xorazmda “Raqs sehri” festivalini oʻtkazib kelar edik. Endilikda xalqaro festival oʻtkazilishi milliy raqs sanʼatimiz dunyo xalqlarining nigohiga tushib, jahon madaniyatini boyitishga xizmat qiladi.
Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2016-yildan “Xorazm raqsi – lazgi” nominatsiyasini YUNESKO nomoddiy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritish yuzasidan faoliyat boshlagandi. Bunda lazgi tarixi oʻrganildi, keng targʻib etildi. Sanʼatshunoslar tomonidan risola, amaliy qoʻllanma va alohida kitoblar yozildi.
Natijada, 2017-yil mart oyida YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya yordamida tashkilot bosh qarorgohiga taqdim etildi. U yerda turli maʼmuriy, tashkiliy choralar koʻrilib, 2019-yil 12-dekabr kuni YUNESKOning Bogota shahrida boʻlib oʻtgan majlisida nominatsiya bir ovozdan reprezentativ roʻyxatga kirishi haqida qaror qabul qilindi.
– Koʻp asrlik boy va betakror madaniyatimizning ajralmas qismi boʻlgan milliy raqs sanʼati xalqimiz maʼnaviyati, badiiy-estetik qarashlarini yuksaltirish, yosh avlodni milliy qadriyat va anʼanalarimizga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda, – deydi “Umrboqiy meros” Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi rahbari Lutfiya Mirzayeva.
– Milliy raqslarning jozibasi dillarga xushnudlik, koʻtarinki kayfiyat olib kiradi. Taralayotgan asl isteʼdod sohiblarining kuylari sadolariga sehrlanib qolishimiz ham bor gap. Milliy raqslarmiz bizning maʼnaviy merosimiz hisoblanadi. Biz ulardan maʼnaviy ozuqa olamiz. Har bir inson oʻz xalqining milliy musiqasi va qoʻshiqlaridan ruhiy quvvat olib yashaydi.
Oʻzbek degan juda katta qadimiy xalqning sanʼati, adabiyoti ham buyuk. Eng goʻzal raqs kishiga chinakamiga zavq beradigan, milliylikni tarannum etadigan raqsdir. Shunday raqslardan biri – “Xorazm lazgi»sidir. “Lazgi” raqsining 2019-yilda YUNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilishi uning oʻzbek xalqining boy madaniy merosi ekanligidan dalolatdir.
“Umrboqiy meros” Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi ushbu qarorni qoʻllab-quvvatlaydi va kelgusida “Lazgi” raqsi, uning betakror ijrochilari bilan bogʻliq faoliyatni keng jamoatchilik oʻrtasida targʻibot ishlarini kuchaytiradi.
Dilobar MAMATOVA, OʻzA