Doʻstlik va birodarlik tuygʻusi bardavom

9-sentyabr – Tojikiston Respublikasi Mustaqilligi kuni
Har yili 9-sentyabrda Tojikiston xalqi Mustaqillik bayramini nishonlaydi. Bu yil mamlakat oʻz istiqlolining 29 yilligini kutib olmoqda. Aholi madaniyat va istirohat bogʻlarida, xiyobonlarda tibbiy niqoblar taqib, shaxsiy gigiyenaga rioya qilgan hamda ijtimoiy masofani saqlagan holda xalq sayillarini oʻtkazmoqda.
Tojikiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 29 yilligi arafasida Prezident Emomali Rahmon mamlakat xalqiga tabrik yoʻlladi.
29 yil avval xalqimiz davlat Mustaqilligini qoʻlga kiritib, oʻz milliy davlatchiligini barpo etishga kirishdi. Mustaqillikning boshlanishi va mustaqil tojik davlatini qurish yoʻlidagi birinchi yillari Tojikiston xalqi tarixida juda murakkab davrga toʻgʻri keldi. Oʻsha yillar davomida vatanparvar Tojikiston xalqi irodasi va kuchiga tayanib, Tojikiston fuqarolik qarama-qarshilik oqibatlarini bartaraf etishga va yosh tojik davlatini yoʻqolishdan asrab, millatni esa boʻlinib ketishidan qutqarib qoldi.
Tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilishi, siyosiy barqarorlik taʼminlanishi va milliy birlik mustahkamlanishi tufayli konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish, barcha hokimiyat tarmoqlari faoliyati takomillashtirilib, ikki palatali parlament tashkil qilindi. Bu esa, Tojikiston siyosiy va huquqiy atmosferasida yangilik hisoblanadi, – deyiladi tabrik nutqida.
Shuni alohida qayd etish joizki, Prezident Emomali Rahmon rahbarligida Tojikiston hukumati tomonidan koʻrilgan choralar oʻtgan davr mobaynida milliy iqtisodiyot rivojini taʼminlab, yalpi ichki mahsulot real oʻsishini besh barobarga koʻpaytirish imkonini berdi.
Mustaqillik yillarida Tojikistonda 1600 dan ziyod sanoat korxonalari tashkil qilindi va taʼmirlandi. 2000 megavattdan ziyodroq yangi energetika quvvatlari, 2200 kilometr xalqaro avtomobil yoʻllari, 220 kilometr temir yoʻllar qurilib, foydalanishga topshirildi. Tojik xalqining bunyodkorligi tufayli Rogʻun GESining ikkita agregati foydalanishga topshirildi. Bugungi kungacha unda 1,6 milliard kilovatt soat elektr energiya ishlab chiqarildi. Yangi quvvatlar ishga tushirilishi natijasida qish faslida elektr energiya yetkazib berish cheklanishi bartaraf etildi.
Mustaqillik davrida Tojikistonda aholining daromadi 125 barobarga oshdi. Respublikada kambagʻallik darajasi 1999-yildagi 83 foizdan 26,3 foizgacha kamaydi. Oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1991-yildagi 70 yoshdan 75 yoshga yetdi. Onalar oʻlimi 3,1 barobar, goʻdaklar oʻlimi 3,5 barobar kamaydi.
Shu kunlarda xalqimiz milliy gʻurur va vatanparvarlik hislariga toʻlib, bizning ulugʻ milliy bayramimiz – davlat Mustaqilligining 30 yilligini munosib kutib olish uchun butun mamlakatimizni bunyodkorlik, qurilish va fidokorona unumdorlik mehnati maydoniga aylantirdi. Fursatdan foydalanib, Tojikistonning keksayu yoshiga, mamlakatimiz kelajagi va millatimiz shon-shuhrati, obodligi uchun mehnat qilayotgan barchaga chin qalbdan minnatdorlik va tashakkur izhor qilaman, – deyiladi Prezident Emomali Rahmonning tabrigida.
Yaqinda oʻz istiqlolining 29 yilligini nishonlagan oʻzbek xalqi ham tojik xalqining buyuk bayramini oʻz shodiyonasidek qabul qiladi. Chunki maʼnaviy olami, adabiyoti, musiqasi, kundalik turmush tarzi bir-biriga shu darajada yaqin boʻlgan xalqlar kam topiladi.
Oʻzbeklar va tojiklar haqida soʻz ketsa, bejiz “ikki tilda soʻzlashuvchi bir xalq” deyilmaydi. Bir daryodan suv ichib, koʻz-qoshdek, et bilan tirnoqdek yaqin qoʻshnichilikda yashab kelayotgan xalqlarimizning mustahkam doʻstlik rishtalari asrlarga borib tutashadi.
Biroq vaqtlar boʻldiki, qondosh, quda-anda xalqlar orasiga sunʼiy “devor” qoʻyildi. Oʻzaro bordi-keldi ushalmas orzuga aylandi. Oʻzbekiston va Tojikiston munosabatlari turli sabablar bois taranglashib ketgan edi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning yaqin doʻstligi, siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli soʻnggi yillarda mamlakatlarimizning koʻp qirrali hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 9-10-mart kunlari Tojikistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz munosabatlarini misli koʻrilmagan yangi pogʻonaga olib chiqdi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning oʻsha yili 17-18-avgust kunlari Oʻzbekistonga ilk davlat tashrifi oʻzaro hamkorlik rivojida navbatdagi ulkan tarixiy voqea boʻldi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, bunday tarixiy tashriflar, ikki xalqning doʻstona uchrashuvi oʻzining amaliy mahsuli va yorqin natijasi bilan oʻn millionlab aholini quvontirdi.
Diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan 1992-yildan buyon ikki mamlakat oʻrtasida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajada 150 dan ortiq shartnoma va bitimlar imzolangan. Bu hujjatlar hamkorlikning muhim yoʻnalishlarini qamrab oldi hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda birgalikdagi harakatlarni mustahkamlash uchun asos boʻldi.
1993-yil 4-yanvarda imzolangan Doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma, 2000-yil 15-iyundagi Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma munosabatlarimizning asosiy tamoyillarini belgilab bergan boʻlsa, keyingi yillarda imzolangan kelishuvlar ikki xalqning qalin doʻstligini yana-da mustahkamladi.
Ushbu hujjatlar bugungi kunda hayotga toʻla tatbiq etilmoqda, ularning natijalari xalqlarimiz hayotida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasida havo va temir yoʻl qatnovlari tiklandi, viza tartibi bekor qilindi. Chegaralar ochildi, aholi va transport vositalarining harakati uchun qulay imkoniyatlar yaratildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda tojikistonlik talabalar, Tojikistonda oʻzbekistonlik talabalar tahsil olmoqda.
Garchi hozir pandemiya davom etayotgan boʻlsa-da, mamlakatlarimiz munosabatlarida odamni quvontiradigan, gʻururlantiradigan voqealar toʻxtab qolgani yoʻq. Pandemiya boshlangan ilk kunlardan boshlab Oʻzbekistondan yon qoʻshni – jon qoʻshni Tojikistonga insonparvarlik yuklari ortilgan poyezd va samolyotlarda xalqimizning doʻstlik salomi va koʻmagi bilan birga oʻzbekistonlik shifokorlar ham yetib bordi.
Oʻz navbatida, Tojikiston Oʻzbekistonni pandemiya davrida eng koʻp insonparvarlik yuklari joʻnatgan mamlakatlar uchligidan oʻrin olganini eʼtirof etdi. Bu shaxsan Prezidentimizning, xalqimizning Tojikiston xalqiga yuksak hurmat-ehtiromidan dalolatdir.
Shu yil 1-may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen ofat tufayli minglab aholi uy-joyidan koʻchirildi. Oʻzbek birodarlari boshiga tushgan falokatni koʻrib Tojikiston rahbari Emomali Rahmonning topshirigʻiga binoan Sirdaryo viloyatiga 51 vagon qurilish materiallari yordam sifatida yetkazib berildi…
Bu ezgu qadamlar, xayrli tashabbuslar, eng avvalo, xalqlarimizning bagʻrikengligi va olijanobligini, qiyin damda bir-birini qadrlashi, birodarlik tuygʻusini namoyon etdi.
Markaziy Osiyoda ijobiy oʻzgarishlar shamoli esmoqda. Ana shu oʻzgarishlar epkinida mintaqamiz davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi, doʻstona maslahat uchrashuvlari, muloqotlari xalqlarimiz farovonligiga, mamlakatlarimizning gullab-yashnashiga xizmat qilmoqda.

 

OʻzA