Jahon bozorida talabgorlar ortmoqda

Bugungi kunda mamlakatimizda joriy etilgan karantin sharoitida ham tadbirkorlik subyektlarida ishlar toʻliq hajmda tashkil etilmoqda.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi eksportyor korxonalar tomonidan mamlakatimiz hududida yetishtirilgan, ishlab chiqarilgan va qayta ishlangan mahsulotlarning Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston, Latviya, Bangladesh, Tojikiston, Afgʻoniston kabi qator davlatlarga eksporti amalga oshirilmoqda.
Shulardan biri qizilmiya ildizi boʻlib, bugungi kunda mazkur mahsulotni jahon standartlariga javob beruvchi uskunalar yordamida qayta ishlash natijasida olinayotgan “ekstrakt“ dunyo bozorida xaridorgirligi bilan mamlakatimizning eksport salohiyati oʻsishida katta omil boʻlmoqda. Bunda bojxona xizmati organlari tadbirkorlik subyektlariga yaqindan amaliy yordam koʻrsatib, tayanch boʻlmoqda.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari Kegayli tumanidagi “LANKOMIYA” qoʻshma korxonasida boʻlib, tadbirkorlik subyekti faoliyati bilan tanishdi. Oʻtgan yillar davomida jahon andozalariga mos eng ilgʻor uskunalarni olib kelishda tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari bilan bojxona toʻlovlaridan birgina 2019-yil davomida jami 1 milliard 859,2 million soʻm miqdorida imtiyoz taqdim etildi.
Berilgan imtiyozdan oqilona foydalangan ushbu korxona tez fursatlarda qoraqalpoq zaminida yetishtirilgan qizilmiya ildizini yigʻish va uni qayta ishlash faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Natijada 320 nafar mahalliy aholi doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.
–Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat hamda bojxona organlari tomonidan koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak biz tadbirkorlarga oʻz faoliyatimizni samarali amalga oshirishimizda katta turtki boʻlmoqda. – deydi korxonaning tashqi ishlar boʻyicha masʼul xodimi Oʻmirboy Sarsenboyev. –Qizilmiya ildizidan tabobat va kosmetologiyada keng qoʻllaniladigan ekstraktini ishlab chiqarib, dunyo bozorlariga eksport qilishni yoʻlga qoʻyganmiz. Yarim tayyor mahsulotlarning eksportini amalga oshirishda bojxona rasmiylashtiruv jarayonlari qisqa fursatlarda amalga oshirilmoqda. Yil boshidan ushbu kunga qadar 4 million 313 ming AQSH dollari miqdoridagi 881 tonna “qizilmiya ekstrakti” mahsuloti AQSH va Xitoy davlatlariga eksport qilindi.
Albatta, hozirgi sharoitda tadbirkorlar, ayniqsa, eksportyor korxonalar iqtisodiyotning asosiy tayanchi boʻlib qolmoqda. Ularga yaratilgan sharoit va taqdim etilayotgan imtiyozlar esa, davlatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

photo_2020-08-07_17-14-46.jpg

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA