Qoraqalpoq oʻtovi boshqa xalqlar oʻtovidan nimasi bilan farq qiladi?

Qoraqalpoq xalqi uzoq oʻtmishdan soʻzlovchi oʻtov – qora uyi bilan mashhur. Otameros qadriyat sifatida saqlanib qolgan ushbu qora uy oʻziga xos koʻrinishi va qurilish uslubi bilan boshqa xalqlar oʻtovidan ajralib turadi.

Bugun milliy oʻtovlardan hudud turistik salohiyatini oshirishda keng foydalanilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi hamda I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat sanʼat muzeyida qoraqalpoq oʻtovini barcha buyum va uskunalari bilan namoyish etish uchun maxsus oʻrin ajratilgan.

Shuningdek, Ayozqalʼa, Tuproqqalʼa kabi qator tarixiy yodgorliklar yonida va Orol dengizi boʻylarida ham oʻtovlar tikilgan. Oʻtov tiklashda qoʻllaniladigan ashyolar tayyorlovchi ustalarni xalq ichida “uychi” deyishadi. Bu kasb ularga ota meros. Qoraqalpogʻiston hududining aksariyat qismida shunday ustalar boʻlgan va ular yashaydigan qishloqlar “uychi ovul”, deb yuritilgan. Bunday nomdagi qishloqlarni hozir ham uchratish mumkin.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qora uyni har qanday yogʻochdan yasab boʻlmaydi. U chidamli, egiluvchan toldan ishlanadi. Sababi, koʻchmanchilar turmushiga xos bunday boshpanalarni tikish va yigʻish tez-tez takrorlanib turgan. Tabiiyki, buning uchun sinmaydigan, mustahkam yogʻoch zarur boʻlgan.

Qora uy 3 bosqichda ishlanadi – dastlab, kerege (yogʻoch panjara), undan soʻng shaniroq (qora uyning tom qismi), soʻnggi bosqich uviq (tirgak) deb yuritiladi. Shaniroq – qora uyning eng muhim qismi boʻlib, u gumbazsimon doiradan iborat. Shaniroqning oʻrtasiga egilib ishlangan ikki qatorli yarim doira yogʻoch “toʻgʻin”, deyiladi. Aynan ushbu toʻgʻin qora uyni boshqa xalqlar oʻtovidan ajratib turadi. Qora uyning yana bir qismi “erganak”, yaʼni, “eshik” deb yuritiladi. Uni boshqa usta ishlaydi. Erganak oʻyma naqshlar bilan bezaladi va qizil rangga boʻyaladi

Qora uyning 6, 8, 12 qanotli turlari bor. 5 qanotli uylar kam uchraydi. Odatda, 6 qanot uylar yosh oilalar uchun maxsus tikilgan. 8 qanotli uylar esa oiladagilar soni koʻpayganidan soʻng tikilgan. Eng yirik – 12 qanotli uy qishloq tashqarisidagi “Maslahat tepa”ga tikilib, unda ogʻalar, yaʼni biylar va beklar el-yurt taqdiri bilan bogʻliq muhim masalalarni hal qilish uchun yigʻilgan. Qora uy bezak buyumlarining barchasi qoʻlda ishlangan, yaʼni oʻrmakda toʻqilgan. Kigiz asosan qoʻy, arqon esa tuya junidan tayyorlangan.

Oʻtovning oʻng tomonida yoshiga qarab erkaklar, soʻl tomonida xotin-qizlar oʻtiradi. Oʻng tomon muqaddas hisoblangan va erkaklar oʻtirgan oʻrinni xotin-qizlar bosishi qatʼiy taqiqlangan. Qora uyning eshigi past boʻlgani uchun ichkariga engashib kiriladi. Bu uyga taʼzim qilib kirish zarurligini anglatgan.

Hozirda Chimboy tumanida 20 dan ortiq uychi, yaʼni oʻtov tiklovchilar faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ular hududda turizmni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

photo_2020-08-06_12-13-17.jpg

photo_2020-08-06_12-13-20.jpg

photo_2020-08-06_12-13-22.jpg

 

Maqsad HABIBULLAYEV(surat), OʻzA