Davlat tomonidan berilayotgan ijtimoiy yordam oʻz egasiga yetib boradi

Pandemiya hayotimizdagi kamchiliklarni, koʻplab masalalarni turmushga tatbiq etish vaqti kelganini koʻrsatib berdi. Eʼtibor bermagan, balki nazarimizga ham ilmagan muammolar koʻzguda oʻzimizni oʻzimizga koʻrsatdi.
Yarim yildan oshdiki, koronavirus pandemiyasi butun dunyo kun tartibida turgan dolzarb masaladir. Karantin talablari mamlakatlar iqtisodiyoti va aholi daromadlariga oʻz taʼsirini oʻtkazdi, qanchadan qancha odamlar ishsiz qoldi. Ana shu jarayonda aholining ijtimoiy himoyasi bilan bogʻliq islohotlarni jadallashtirish, bu borada samarali choralarni tezkorlik bilan ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish eng birinchi navbatdagi masala sifatida maydonga chiqdi.
Oʻzbekistonda ham koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy taʼsirini yumshatish, karantin sharoitida aholini qoʻllab-quvvatlash asosiy mavzuga aylandi. Bu borada muhim farmon va qarorlar qabul qilindi.
Joriy yil 30-iyuldagi Prezident farmoniga muvofiq, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatlari (“temir daftar”)ga kiritilgan va aʼzolari 1,7 million nafardan ortiq boʻlgan 400 mingdan koʻproq oilaga respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam koʻrsatilishi belgilangan. Buning uchun 200 milliard soʻm ajratilgan.
Mablagʻlar ajratildi, lekin… Kishini oʻylantiradigan tomoni ham ana shu “lekin”dan keyin boshlanadi. Ushbu mablagʻlar oʻz egasiga yetib boryaptimi?
Davlatimiz rahbarining “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori pandemiya sharoitida ayni muddao boʻldi.
Chunki bugungi murakkab vaziyatda aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash talab etiladi. Yana bir muhim tomoni, ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari oʻz manziliga aniq yetib borishi, shaffof boʻlishi kerak. Tizimdagi tartib-taomillarning bosqichma-bosqich raqamlashtirilishi orqali bu natijaga erishish mumkin, albatta.
Qarorga koʻra, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimi yaratiladi. Yaʼni, shu yil 1-sentyabridan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi. Aytish kerakki, ushbu axborot tizimi “Elektron hukumat” tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.
Moddiy yordam olish uchun yugur-yugurdan charchab, oxiri qoʻl siltab qoʻyganlar aholi orasida koʻplab topiladi. Kimdir chindan ham moddiy yordamga yoki ijtimoiy nafaqaga muhtoj, lekin qancha harakat qilsa ham uni ololmaydi. Qaysidir oila oʻziga toʻq boʻlsa ham, tanish-bilishlarni ishga solib, moddiy yordam yoki ijtimoiy nafaqa oluvchilar roʻyxatida turadi. Qiziq tomoni, faqat qogʻozda qayd etilgan maʼlumotlar haqqoniymi yoki yoʻqmi farqi yoʻq. Eng muhimi, u bor va oila ijtimoiy himoyaga muhtoj. Amalda esa bunday emas…
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bunday holatlarga barham beriladi. Belgilangan mezonlarga muvofiq kam taʼminlangan oilalarning ehtiyojmandlik darajasini obyektiv baholash, davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali qarorlarni qabul qilishda subyektiv yondashuv bartaraf etiladi.
Aholining ehtiyojmand toifasi tarkibi oʻzgarishi dinamikasi monitoringi va tahlilini yuritish, ularni baholash mezonlarini respublika va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini hisobga olgan holda takomillashtiriladi. Davlat ijtimoiy xizmatlari va ijtimoiy yordam oluvchilarning doimiy yangilanib turadigan yagona maʼlumot bazasini shakllantiriladi.
Eng muhimi, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining raqamlashtirilishi bilan koʻplab qonunbuzilish holatlarining oldi olinadi. Davlat tomonidan berilayotgan ijtimoiy yordam oʻzining haqiqiy egasiga yetib boradi. Shu tariqa jamiyatda ijtimoiy adolat qaror topadi.
Laziza Sherova,
OʻzXDP Markaziy Kengashi masʼul xodimi

 

O’zA