Koronavirusga qarshi mutaxassisdan muhim tavsiyalar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan brifingda AOKA huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva aholi tomonidan yoʻllangan savollarga javob berdi.
SAVOL: biz koʻp qavatli binoda yashaymiz, qoʻshnilardan birida kasallik aniqlansa, ular ham liftdan foydalanadi. Biz shunda liftdan foydalanmasligimiz kerakmi?
JAVOB: virusning turli xil sathlarda va havo zarralarida 2-3 soatdan 8-12 soatgacha saqlanib turishi toʻgʻrisida tasdiqlangan maʼlumotlar mavjud.
Shu bois, liftlarda doimiy tozalov ishlarini olib borish, turli yuzalar, tutqichlarga xlor tarkibli eritmalar bilan ishlov berish kerak. Liftdan foydalanish kerak boʻlib qolganda, oʻzini oʻzi himoyalash maqsadida, har bir fuqarodan imkon qadar ortiqcha yuzalarga qoʻl tekkizmaslik, uyga qaytganda avval qoʻllarni sovunlab yaxshilab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish talab etiladi.
SAVOL: men oldinlari shamollaganimda hech ham tana haroratim koʻtarilmagan, COVID-19 bilan kasallanganimni qanday bilaman?
JAVOB: kasallik kechuvini inobatga olgan holda, baʼzi odamlarda koronavirus ogʻir va oʻta ogʻir darajada kechadi, bunday holatlarda tana harorati yuqori boʻlishi kuzatiladi.
Baʼzilarda kasallik yengil va simptomlarsiz oʻtadi, bunday bemorlarda tana harorati 1 kundan 3-5 kungacha koʻtarilishi yoki umuman boʻlmasligi ham mumkin.
Bunday holatlarda, COVID-19 bilan kasallangan va PZR testi tasdiqlangan bemorlar bilan aloqada boʻlganingiz kasallanganingizdan dalolat berishi mumkin. Agar sizda bunday holat boʻlsa va yengil shamollash alomatlari kuzatilib, tana harorati koʻtarilmasa, bu kasallikning yengil kechuvi boʻlishi mumkin.
Belgilar yoʻqolganidan keyingi ikkinchi yo uchinchi haftada antitanachalarga qon topshirib koʻrish tavsiya etiladi.
SAVOL: oilamiz aʼzosida koronavirus kasalligi tasdiqlansa va uyda bolalarda ham kasallik alomatlari paydo boʻlsa, ularda ham test oʻtkazish kerakmi? Test natijasi chiqquniga qadar shifokor koʻp suyuqlik ichiring, deb ORS-suyuqligini tavsiya qildi. Lekin bolalarim suyuqlik ichsa qusib yuboryapti. Bunday holatda nima qilish zarur?
JAVOB: Bu holatda test topshirish shart emas, bolada kasallikning ichak shakli oʻtayotgan boʻlishi mumkin. Shifokorga suvni ham qusayotgani va diareya holati haqida xabar bering.
Tana harorati koʻtarilishi, qusish va diareya holatlari birgalikda kechganida bolada suvsizlanish rivojlanishi kuchayadi.
Shifokor nazorati ostida avval qusishni toʻxtatishga, soʻngra ORS-suyuqligini qultumlab ichishni koʻpaytirishga harakat qiling.
Bola tana harorati tushguniga qadar doimiy ravishda shifokor nazoratida boʻlishi kerak. Zarurat tugʻilganida shifokor dori vositalarni kasallik kechuvidan kelib chiqib tavsiya etadi.

 

O’zA