Ahvol shunday davom etsa, qishda narxlar qanday boʻladi?

Shu kunlarda oziq-ovqat va dorilarning narxlarida oʻsish kuzatilmoqda. Agarda ahvol shunday davom etsa, qishga borib qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining bahosi juda oshib ketmaydimi? Bozordagi narxlarni soliq idoralari nazoratga olganmi?
Ushbu savolga Davlat soliq qoʻmitasi matbuot kotibi Yelena Isayeva javob beradi.
“Davlat soliq xizmati organlari prokuratura idoralari bilan birgalikda asosiy turdagi oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlari narx-navosi ustidan doimiy nazorat olib bormoqda. Karantin davrida, yaʼni 16-martdan buyon fuqarolardan narxlarning sunʼiy oshirilganligi yuzasidan 31 mingta murojaat kelib tushdi. Uning 90 foizi boʻyicha profilaktik va rasmiy ogohlantirish ishlari olib borildi. 2,5 mingga yaqin holat boʻyicha esa tegishli choralar koʻrildi. Shu kunlarda narx-navoning asossiz oʻsishi yuzasidan kelayotgan murojaatlar soni keskin qisqarib, iyul oyida 340 tashkil etdi. Yaʼni, mart oyidagi murojaatlarga (14 715 ta) nisbatan qariyb 43 barobarga kamaygan. Hurmatli fuqarolar! Agar siz narx-navoni asossiz oshirish, xarid chekini taqdim etmaslik hamda plastik kartochka orqali toʻlovni rad etish holatlariga duch kelsangiz Davlat soliq qoʻmitasining (71) 244-98-98 raqamli ishonch telefoni va (1198) qisqa raqamli Sall markaziga murojaat qilishingizni soʻraymiz!”

 

O’zA