Orolboʻyi aholisi M. Yerniyazov bilan vidolashdi

Orolboʻyi aholisi atoqli davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Senati Raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Qahramoni Musa Tajetdinovich Yerniyazov bilan vidolashmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman va shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari va oʻquv yurtlari, keng jamoatchilik vakillari marhum xotirasiga hurmat bajo keltirib, surati tagiga gullar qoʻydi. Oila aʼzolariga hamdardlik bildirishdi.
M.Yerniyazov qariyb 50 yillik mehnat faoliyati davomida oʻzining ulkan rahbarlik salohiyatini, boy bilim va tajribasini yurtimiz ravnaqi yoʻlida ishga solib, Qoraqalpogʻiston Respublikasining rivojida ulkan hissa qoʻshdi. Barcha sohalarda zamon talabiga mos islohotlarni amalga oshirdi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, u qahramon xalqning qahramon rahbari edi.
Musa Tajetdinovichning bevosita rahbarligida Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, Orolboʻyidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, aholining turmush darajasini oshirish boʻyicha ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirildi.
Xalqimizning ulugʻ farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi Musa Tajetdinovich Yerniyazovning xotirasi barchamizning qalbimizda doimo saqlanib qoladi.
photo_2020-08-02_14-21-31.jpg
photo_2020-08-02_14-21-33.jpg

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA