Oʻzbekiston Qahramoni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Yerniyazov Musa Tajetdinovich Sirdaryo ahlining xotirasida abadiy qoladi

Kuni kecha mamlakatimizning taniqli davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari, tom maʼnodagi haqiqiy inson – Yerniyazov Musa Tajetdinovichning vafoti biz sirdaryoliklarning ham qalblarimizni larzaga soldi.
Musa Tajetdinovich Yerniyazov oʻzining ulkan rahbarlik salohiyati, bilim va tajribasi, maʼnaviy fazilatlari bilan oʻzbek-qoraqalpoq xalqlari oʻrtasida beqiyos doʻstlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga katta ulush qoʻshib kelgan, xalqparvar, yurtparvar inson edi. Musa ogʻa qoraqalpoq elining chin farzandi, millat ishonchini qozona olgan oqsoqoli edi.
Joriy yilning 1-may kuni sodir boʻlgan “Sardoba” suv ombori fojiasi kuniyoq, Musa Tajetdinovich rahbarligidagi butun qoraqalpoq eli birinchilardan boʻlib yordamga chorlandi.
Toshqin talafotlarini bartaraf etishda u kishining shaxsan oʻzi biz sirdaryoliklar bilan yelkama-yelka turganligi, toshqindan zarar koʻrgan uy-joylarni Qoraqalpogʻiston Respublikasidan kelgan quruvchi-muhandis va loyihachilarning tubdan qayta taʼmirlash loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqilishida shaxsan oʻzlari fikr va yangidan-yangi takliflari bilan boyitib, oʻzlariga biriktirilgan hududlardagi taʼmirlash, tiklash, qayta qurish ishlarida xizmatlari katta boʻldi.
Vatanimizga, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlariga boʻlgan beqiyos muhabbati va sadoqati bilan haqli ravishda barchamizning qalblarimizda uning xotirasi uzoq yillar saqlanib qoladi.
Sirdaryo viloyati hokimligi, xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi va barcha fuqarolarimiz nomidan Oʻzbekiston Qahramoni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Yerniyazov Musa Tajetdinovichning farzandlari, jon-jigarlari, yaqinlari va barcha qoraqalpoq xalqiga hamdardlik bildiramiz.
Aziz va mehridaryo qoraqalpoq xalqi, qadrli yurtdoshlar, chin dildan bildirayotgan taʼziyamizni qabul aylang.
Sirdaryo viloyati hokimligi

 

O’zA