Xalqimizning vatanparvar farzandi edi...

Musa Yerniyazov nafaqat qoraqalpoq elining, balki oʻzbek xalqining ham haqiqiy vatanparvar, mard va jasur farzandi edi.
Men oqsoqol bilan bir necha marta suhbatlashganman. Turli yigʻinlarda birga boʻlganman. Bu inson Oliy Majlis Senati Raisi oʻrinbosari lavozimida ham uzoq va samarali mehnat qildi.
Bugun barcha qoraqalpogʻistonliklar Musa Yerniyazov nomi bilan haqli ravishda fahrlanishadi. U Qoraqalpogʻiston Respublikasiga salkam yigirma yil davomida rahbarlik qildi. U qayerda, qanday lavozimda ishlamasin, oʻz xalqiga vataniga halol xizmat qildi. Mana shu yillar davomida qoraqalpoq yurti gullab yashnadi. Nukus shahri butunlay qayta qurildi. Respublika hududida yuzlab yangi korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Musa Yerniyazov olimlarni, ijodkorlarni juda qadrlardi. Shuning uchun ham u kishining rahbarligi yillarida qoraqalpoq ilm-fani taraqqiy etdi. Nukusda koʻplab oliy oʻquv yurtlari va filiallar tashkil etildi. Bunyodkorlik ishlari yuksaldi. Odamlarning turmushi farovonlashdi.
Musa Yerniyazov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning alohida hurmat va eʼtiboriga sazovor boʻlgan edi. Mamlakatimiz rahbari farmoni bilan u kishiga “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy mukofoti berilgan edi.
Eng muhimi Musa Yerniyazov butun qoraqalpoq xalqining qalbidan oʻrin oldi. Odamlarning ishonchini qozondi. Oqsoqolning yana bir eʼtirof etish shart boʻlgan tomoni shunda ediki, u bir umr davlatga, xalqqa sadoqat bilan xizmat qildi. Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqni rozi qilish yoʻlida butun umrini bagʻishladi. U vatan va xalq uchun ogʻir va sinovli boʻlgan davrlarda ham toʻgʻri qarorlar qabul qilishi bilan alohida eʼtirofga sazovor edi.
Musa Yerniyazovning vafoti oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari uchun juda ogʻir yoʻqotish. Men qoraqalpoq xalqiga, oqsoqolning oila aʼzolariga hamdardlik bildiraman. Biz samarqandliklar dardingizga sherikmiz.
Musa Yerniyazovning yorqin xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi.
Rustam Xolmurodov,
Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi.

 

O’zA