Karantin davom etayotgan shu kunlarda moddiy taʼminotida uzilish boʻlib qolayotgan oilalarning koʻpchiligi uchun qiziq boʻlgan savolga Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva javob berdi.
̶ Mazkur pul mablagʻi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi ajratgan xayriya mablagʻlari hisobidan berilgan. Jamgʻarma hukumatning tegishli qarori asosida yurtimizdagi pandemiya munosabati bilan aholining ehtiyojmand qatlam vakillarini ijtimoiy himoya qilish maqsadida tashkil etilgan.
Jamgʻarma mablagʻlari tegishli tartibda “Mahalla” fondi Vasiylik kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlarining tasdiqlangan qaror va roʻyxatlari asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj, koʻp farzandli oilalar, nogironligi boʻlgan, yolgʻiz yashovchi, shuningdek, vaqtincha ishsiz fuqarolarni pul mablagʻlari, kundalik isteʼmol tovarlari, dori vositalari, shuningdek, boshqa turdagi zarur mahsulotlar bilan taʼminlash uchun sarflanadi
Bu toifaga mansub oilalar roʻyxatini sektor aʼzolari hamda mahalla fuqarolar yigʻini vakillari ishtirokida tuzilgan ishchi guruhlari uyma – uy yurgan holda tuzadi. Ijtimoiy yordam shakli oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisob raqamlariga kelib tushgan mablagʻlardan fuqaroning nomiga ochilgan bank kartasiga maʼlum mablagʻ oʻtkazib berish orqali amalga oshiriladi.
Siz mazkur turdagi ijtimoiy yordamlarni yana qayta olish uchun oʻzingiz yashab turgan fuqarolar yigʻiniga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi. Sizning murojaatingizga koʻra, ishchi guruh vakillari oilangiz ijtimoiy holatini mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda oʻrganib, oʻrnatilgan tartibda xulosa beradi.