Fuqarolarning bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi 44-sonli qaroriga ilova qilingan “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda belgilab berilgan.
Mazkur nizomning tegishli bandlariga asosan, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi qaror fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki bunday qarorlarni qabul qilish uchun fuqarolar yigʻini tomonidan vakolat berilgan komissiya tomonidan qabul qilinadi. Yaʼni siz farzandingiz uchun bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa olish maqsadida oʻzingiz yashab turgan fuqarolar yigʻiniga oʻrnatilgan tartibda murojaat qilishingiz lozim.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-maydagi qaroriga binoan “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Unga koʻra, bundan buyon nafaqa va moddiy yordam olish uchun bir oila tarkibiga ular bilan birgalikda yashaydigan bolalarning bobo-buvilari kiritilmaydi. Aniqroq aytganda, oila daromadlarini aniqlashda ularning pensiya mablagʻlari hisobga olinmaydi.
Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi shtabida boʻlib oʻtgan brifingda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva maʼlum qildi.
Bundan xulosa shuki, oilangiz tarkibida pensioner fuqarolar bor-yoʻqligidan qatʼiy nazar, siz oʻzingiz yashab turgan fuqarolar yigʻiniga 2 yoshga toʻlmagan farzandingiz uchun nafaqa olish maqsadida murojaat qilishingiz mumkin.
OʻzA