Oʻzbekiston elchisi Portugaliya prezidentiga ishonch yorligʻini topshirdi

Oʻzbekiston Respublikasi Elchisi Sardor Rustamboyev 2020-yil 20-iyul kuni Lissabon shahrida Portugaliya Respublikasi Prezidenti Marselo Rebelo de Souzaga ishonch yorligʻini topshirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi saytida maʼlum qilingan.

Rasmiy marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbatda Portugaliya Prezidenti Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jadal va izchil amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.Marselo Rebelo de Souza Oʻzbekiston Prezidenti bilan 2019-yil aprel oyida Pekin shahrida “Bir makon – bir yoʻl” sammiti doirasida boʻlib oʻtgan samimiy uchrashuvni eslab, davlatimiz rahbariga chuqur hurmatini hamda ezgu tilaklarini izhor etdi.

Portugaliya rahbari hamkorlik kun tartibidagi masalalar, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi munosabatlarning keng qamrovli jihatlari yuzasidan fikr almashar ekan, oʻzaro manfaatli sheriklik aloqalarini yana-da mustahkamlash tarafdori ekanini bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi hisoblanadigan Sardor Rustamboyev tomonidan 2018-yil sentyabr oyida Fransiya prezidenti Emanuel Makronga ishonch yorligʻi topshirilgan edi.

Sardor Rustamboyev bir vaqtning oʻzida mamlakatimizning Portugaliyadagi elchisi vazifasini ham bajaradi.

 

OʻzA