Soʻnggi kunlarda yurtimizda koronavirus pandemiyasi avj olgani, bemorlar soni 17 ming nafardan oshgani, jumladan, Toshkent shahri va viloyatidagi epidemik vaziyat tobora xavotirli tus olib, oʻlimlar soni ortayotgani barchamizni tashvishga solmoqda. Afsuski, shunday sinovli kunlarda oʻz manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyuvchi ayrim fuqarolarning uchrayotganligi achinarlidir.
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “El boshiga ish tushganda soxta tadbirkorlik orqali oʻz manfaatini oʻylagan kimsalar aslo kechirilmaydi” sarlavhali maqolada ana shunday kimsalarning qilmishlari fosh etilgan. Xususan, materialda taʼkidlanishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahri boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan reydlarda hozir talab keskin ortgan va dorixonalarda topish qiyin boʻlgan “Ergoferon” va “Arbidol” dorilarining noqonuniy savdosi aniqlanmoqda. “Hozir dorixonalarda yoʻq dori vositalari odamlarning qoʻlida 100-200 qutilab jamlanib, noqonuniy sotilyapti, — deb yozadi maqola muallifi Lutfulla Suvonov. — Chunki dorixonada narxini qimmat qilib sotsa, eʼtirozning kimga bildirilishi aniq boʻladi. Shuning uchun ham ular “qoʻlga chiqib ketgan”. Xalqimiz boshiga tushgan bu sinovli kunlarda ularning bu qilmishlarini nima bilan izohlashga ham hayronsan…”
“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan Respublika maxsus komissiyasi aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamroboyevaning “COVID-19: uyida davolanayotgan bemorlarga dori-darmonlar bepul beriladi” sarlavhali maqolasida esa ayni shu holatning aksi haqida soʻz yuritiladi.
Xususan, materialda yaqinda Bosh vazir rahbarligida boʻlib oʻtgan Respublika maxsus komissiyasining yigʻilishida koronavirus kasalligi yengil kechayotgan va shifokorlar tavsiyasiga asosan uyida davolanayotgan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan taʼminlash yuzasidan qaror qabul qilingani muhim ahamiyatga ega chora-tadbirlardan biri ekanligi aytilgan.
“COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda qoʻllaniladigan dori vositalari toʻplami”, deb nomlangan jamlama alohida qutichaga joylashtirilgan. Uning ustiga toʻplam tarkibidagi dori vositalari va tibbiy buyumlar nomi, ular faqatgina shifokor tavsiyasiga koʻra qabul qilinishi kerakligi yozib qoʻyilgan. Yana bir eslatma bor: bu dori-darmonlar bepul tarqatilishi koʻrsatilgan. Yaʼni mazkur jamlama sotuvga chiqarilmaydi.
Qutichaga joylashtirilgan dorilardan biri “Azitromitsin” boʻlib, makrolidlar guruhiga kiradi. Makrolidlar esa antibakterial vosita sifatida nisbatan kuchli dori hisoblanadi. Toʻplamdagi keyingi dori — “Paratsetamol”. Bu dori vositasi faqatgina isitmani tushirishga emas, balki ogʻriq qoldirish uchun ham isteʼmol qilinadi. Bundan tashqari, uyda davolanayotgan bemorlarga kukun shaklidagi “S vitamini”, yaʼni askorbin kislotasi ham beriladi. Bu vitamin organizmning kasallikka qarshi kurashuvchanligini oshiradi…
“Inson va qonun” gazetasida bosilgan “Sudyaga nisbatan hurmatsizlikka sudyalar qanday munosabat bildirmoqda?” nomli davra suhbatida yozilishicha, sud xodimlariga nisbatan qilingan tazyiq, bosim, huquqbuzarlik harakatlari har bir holatda sinchiklab oʻrganilishi, jinoiy qilmish nuqtayi nazaridan qiyosiy oʻrganilishni taqozo qiladi. Vaholanki, bunday huquqiy baho berilishni chetlab oʻtish yoki hodisaga nisbatan “koʻz yumish” “sud mustaqilligi va sudyalar daxlsizligi”ga putur yetkazilishini ragʻbatlantiradi. Chunonchi, Toshkent shahar maʼmuriy sudi sudyasi Holmuhammad Hasanovning fikricha, sudyalarning daxlsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan bir qator omillar bor. Birinchidan, sudyalar kasb faoliyatining oʻziga xosligidan kelib chiqib, ular uchun maxsus sogʻlomlashtirish markazi tashkil etilishi kerak. Sababi, koʻpchilik bilan birga davolangan sudya oʻzining kasb sirlari ochilishiga yoʻl qoʻyadi. Ikkinchidan, sudyalarning joylarga chiqib targʻibot-tashviqot qilishi ham baʼzi bir anglashilmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Negaki, taʼbir joiz boʻlsa, sudyaning har bir voqea-hodisaga nisbatan bildirgan fikri – “verdikt” kabi qabul qilinishi, yaʼni majlisda oʻzining savol-javoblari bilan qatnashayotgan oddiy ishtirokchilar “falonchi sudya falon gapni gapirdi”, deb joylarda notoʻgʻri talqin etib qoʻyishi mumkin…
Shuningdek, gazetaning bugungi sonida jurnalist Marusa Hosilovaning “Kutubxona qurish yoki kutubxonaga borish qachon trendga kiradi?” nomli tahliliy maqolasi ham oʻrin olgan. Unda joylarda kutubxonalarning bugungi holati, bu maskanlardan koʻra yoshlar koʻproq internet kafelarni afzal koʻrayotganlarining sababi nima ekanligi haqida mushohada yuritilgan.
“Oʻzbekiston bunyodkori” gazetasida “Eltoy – sahro bagʻridagi moʻjiza” sarlavhali surat-lavha eʼlon qilingan. Unda qayd etilishicha, Navoiy viloyatining Konimex tumani hududidagi Eltoy ovulida 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda chorvachilik turmushning muhim qismiga aylangan. Aholining aksar qismi ushbu soha bilan shugʻullanib, roʻzgʻor tebratadi. Eltoyliklar qadim anʼanalar, urf-odatlar, madaniy meros namunalarini asrlar osha asrab-avaylab kelmoqda. Bu yerda doʻmbira sadosi ostida xalq termalarini, yalla va laparlarni mahorat bilan ijro etadigan kishilarni koʻplab uchratish mumkin. Oʻtgan 2019-yili “Obod qishloq” dasturi doirasida Eltoy ovulida keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ichki yoʻllar asfalt qilinib, yoʻl boʻyiga tungi chiroqlar oʻrnatildi. Shuningdek, aholi xonadonlari taʼmirlandi, yangi maktab barpo etildi va ichimlik suvi tarmogʻi yangilandi. Muxtasar aytganda, ovul “Sahro bagʻridagi moʻjizaviy maskan”ga aylandi.
* * *
Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.