Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazidan maʼlum qilishicha, 2020-yil 30-iyun holatiga koʻra yurtimizda isteʼmol savatidagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini oʻrganish natijasida quyidagilar aniqlandi: goʻsht va sut mahsulotlarining eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etildi.
Shunday qilib, 1 kg. mol goʻshtining narxi Toshkent shahrida 64 350 soʻm va Toshkent viloyatida 55 797 soʻmni tashkil etdi. Mol goʻshtining eng past narxi Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 44 416 soʻm va Surxandaryo viloyatida – 46 599 soʻmni tashkil etdi. Respublikaning boshqa hududlarida narxlar ushbu koʻrsatkichlar orasida turlicha boʻlgan.
Maʼlumot uchun: yurtimizda mol goʻshtining oʻrtacha narxi (1kg.) 50 474 soʻmni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 31 foiz yoki 10 ming 998 soʻmga oʻsishgan. Qoʻy goʻshtining oʻrtacha narxi 34 foizga oshib, 52 483 soʻmni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davrida 39 863 soʻmga teng boʻlgan. Tuxum narxi agarda 10 dona misolida oladigan boʻlsak, 48 foizga oʻsdi va 8 322 soʻmni tashkil etdi, oʻtgan yili bu 5 605 soʻm edi. 1 kg. baliq narxi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga tushdi.
Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan sabzavot narxlarida (kartoshka va bodring bundan istisno) pasayish kuzatildi. Yaʼni tez buziladigan mahsulotlarga talab pasayib, bunday mahsulotlar narxi pasaygan.
Misol uchun, piyozning oʻrtacha narxi (1kg.) 2020-yil 30-iyunda 1 569 soʻm (ga tushgan oʻtgan yilning mos davriga nisbatan -45 %), karam (1kg.) 1 151 soʻm (-37 %), sabzi (1kg.) 2 108 soʻm (-15 %), pomidor (1kg.) 3 601 soʻmni tashkil etgan. Kartoshkaning oʻrtacha narxi (1 kg.) oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 59 % ga oshdi va 3 612 soʻmni tashkil etdi. Bodring narxi 23%ga oshdi va 1 kg. 2 527 soʻmni tashkil etdi.
Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan poliz ekinlarining oʻrtacha narxi oʻsishi kuzatildi. Bunda tarvuzning oʻrtacha narxi 19 foizga, uzum 37 foizga, qovun va qovoq 17 foizga oʻsdi.
Boshqa mahsulotlar bilan taqqoslaganda dukkakli mahsulotlarning narxi barcha mahsulotlarga qaraganda sezilarli darajada oshdi. Yaʼni, mazkur turdagi mahsulotlarga aholi talabi sezilarli oshdi. 2019-yilda loviya (1kg.) 8 614 soʻmni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning 30-iyun holatiga 15 729 soʻmni tashkil etgan. Demak oʻsish 83 foiz. Mosh 46 foizga, noʻxat narxi esa 4 foizga oʻsdi.
OʻzA