Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Yevropa Ittifoqi savdo boʻyicha komissari F.Xogan oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan muloqot chogʻida koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor va dolzarb yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Respublika hukumati nomidan Yevropa tomoniga pandemiyaning Oʻzbekiston ijtimoiy – iqtisodiy rivojlanishiga taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 36 million yevro miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatilgani uchun minnatdorlik bildirildi.
“COVID-19”ning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini yumshatish va qambagʻallikni qisqartirish boʻyicha kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari aniqlab olindi. Ayni maqsadda Yevropa Ittifoqining 2021-2027-yillar uchun navbatdagi byudjet davri doirasida moliyalashtirishning sezilarli qismini yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim loyihasi boʻyicha kelishishni tezlashtirish borasidagi ishlarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu jarayonda muzokaralarning navbatdagi 6-chi bosqichini tez orada onlayn tarzda oʻtkazish masalasi koʻtarildi.
Respublikamizning Jahon Savdo Tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhning 4-chi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga, shuningdek, Oʻzbekiston – YEI – “PBT+” imtiyoz tizimi benefitsiar mamlakat maqomini olishi jarayoniga alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralar davomida moliyaviy-texnik hamkorlikni rivojlantirishning ijobiy surʼati qayd etildi. Yevropa tomoniga umumiy qiymati 40 million yevroga teng “Qishloq xoʻjaligi sohasini byudjetdan qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekistonga qoʻshimcha yordam” loyihasi doirasida 10 million yevro miqdoridagi birinchi transh uchun alohida minnatdorlik bildirildi.
Uchrashuv soʻngida joriy yil rejalashtirilgan “Oʻzbekiston – YEI” Hamkorlik qoʻmitasining 17-yigʻilishi, iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar boʻyicha “Oʻzbekiston – YEI” Quyi qoʻmitasining 15-yigʻilishi va taraqqiyot maqsadlarida hamkorlik boʻyicha “Oʻzbekiston – YEI” Quyi qoʻmitasining 3-yigʻilishi kabi bir qator ikki tomonlama tadbirlarni videokonferensaloqa orqali oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.
OʻzA