BMT Bosh kotibi sayyoramizda oziq-ovqat halokati yuz berishidan ogohlantirdi

Agar tezkor choralar koʻrilmasa koronavirus pandemiyasi oqibatida insoniyat global miqyosda oziq-ovqat halokatiga duch kelishi mumkin, deyiladi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterreshning tahliliy maʼruzasida.
Uning taʼkidlashicha, COVID-19 pandemiyasi jahon aholisining eng nochor qatlamini oziq-ovqat bilan taʼminlashga tahdid solishi mumkin. Hozirgacha mavjud boʻlgan oziq-ovqat yetkazib berish tizimi global retsessiya va koronavirus boʻyicha cheklovlar oqibatida buzilishi mumkin, deb ogohlantirdi BMT Bosh kotibi.
“Buning ogʻir oqibatlarga olib kelish ehtimoli bor. Agar tezkor choralar koʻrilmasa, hozirgi vaziyat global oziq-ovqat halokatiga aylanishi mumkin”, — deb yozadi Guterresh. Uning aytishicha, koʻplab mamlakatlar hozirdanoq oziq-ovqat tanqisligini boshdan kechirmoqda.
“Pandemiya boshlanishdan avval ham yuz millionlab kishilar ochlik va toʻyib ovqatlanmaslik muammosiga duch kelayotgan edi”, — dedi u.
BMT Bosh kotibi qator tavsiyalarni ilgari surdi. Jumladan, uning fikricha, davlatlar oziq-ovqat sektorida ishlayotgan odamlarning zaruriy himoyasini taʼminlashi lozim, Insonparvarlik yordami doirasida joʻnatilayotgan oziq-ovqatlar oʻz manziliga, aholining eng nochor qatlamiga yetib borayotganiga ishonch hosil qilinishi kerak.
Guterreshning fikricha, savdo yoʻlaklari ochiq holda saqlanishi lozim, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berishning uzluksiz zanjiri taʼminlanishi kerak.
Bundan tashqari, “kimlar ocharchilik va toʻyib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda, ular qayerda yashamoqda va ularga qanday yordam zarur” kabi masalalar boʻyicha tezkor maʼlumot olish uchun axborot almashuvi koʻlamini kengaytirish lozim.
“Mamlakatlar aholini, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar, homilador va emizikli ayollar, keksa yoshdagilar va boshqa nochor guruh vakillarini sifatli va toʻyimli oziq-ovqat bilan taʼminlashni kafolatlashlari lozim”, — deyiladi Guterreshning maʼruzasida.
Bosh kotib davlatlarni bundan buyon maktabda ovqatlanish imkoniyatini yoʻqotgan bolalarga koʻproq eʼtibor qaratishga chaqirdi. “Hozirda ushbu guruhning soni taxminan 352 million kishini tashkil etadi”, — deyiladi hujjatda.

 

OʻzA