Pandemiya sababli mamlakatlararo aviaqatnovlarning toʻxtatilishi oqibatida Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va mehnat taʼtili olib Oʻzbekistonga kelgan koʻplab fuqarolar ish joyiga qaytib keta olmayotgan edi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan olib borgan muzokaralari natijasida mehnat taʼtiliga kelgan ana shunday fuqarolardan 31 nafari bugun Koreyaga charter reys orqali joʻnab ketdi.
– Janubiy Koreyada ikki yildan buyon mehnat qilardim, – deydi toshkentlik Jasur Latipov. – Joriy yil fevral oyida mehnat taʼtili olib, Oʻzbekistonga keldim. Karantin boshlanib, qaytib ketolmay qoldim. Albatta, bu masalada bir necha yillardan buyon xorijda minglab fuqarolarimiz bandligini taʼminlab kelayotgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qildim. Bir muncha vaqt kutishimizga qaramay muammolarimiz hal boʻlib, mana bugun ishlash uchun ketyapmiz.
Dunyo mehnat bozorida yuzaga kelayotgan inqirozli vaziyatda fuqarolarimizning xorijdagi ish joylarini saqlab qolish maqsadida olib borilgan ikki tomonlama muzokaralar natijasida fuqarolarning Koreya Respublikasiga borishi uchun qator talablar qoʻyilgan. Xususan, mazkur davlat hududiga kirishdan oldin fuqarolar Koreyada 14 kunlik majburiy karantin talablariga rioya qilish boʻyicha rozilik bitimini tuzishi, Oʻzbekistonda belgilangan tibbiy koʻrikdan oʻtishlari lozim.
Shuningdek, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati fuqaroning rozilik bitimida koʻrsatilgan oʻzini-oʻzi yakkalash joyini oʻrganadi. Oʻrganish natijasiga koʻra, fuqarolar tomonidan oʻzini-oʻzi yakkalash joyi karantin qoidalariga toʻgʻri kelgan taqdirda, ularga Koreya Respublikasiga kirish uchun ruxsat beriladi.
– Bolalarimni koʻrgani taʼtil olib kelgandim, – deydi toshkentlik Jasur Latipov. – Koronavirus tarqalishi oqibatida barcha davlatlarda karantin eʼlon qilindi. Natijada uch oydan buyon uyda qoldik. Bu orada Agentlik viza tasdiqnomalari amal qilish muddatlarini uzaytirish boʻyicha yordam berdi. Agentlikning masʼul xodimlari Koreya Respublikasi talabiga binoan mazkur davlat hududiga 14 kunlik majburiy karantinda boʻlish, tibbiy koʻrikdan oʻtish va boshqa masalalarda ogohlantirdi. Yana shuni alohida aytish mumkinki, charter reys tashkil etish, viza muddatini uzaytirish kabi masalalarda hech qanday toʻlovlarni amalga oshirmadik.
Koreya Respublikasidagi epidemiologik vaziyat tufayli ishchi vizasiga ega fuqarolarning mamlakatga kirib borishida cheklovlar oʻrnatilgan boʻlib, har bir charter reysda yoʻlovchilar soni 60 nafardan oshmasligi belgilangan.
Fuqarolarning Koreyada 14 kunlik majburiy karantinda boʻlishi boʻyicha taqdim etgan maʼlumotlari Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan oʻrganilganda, ularning ayrimlari haqiqatga toʻgʻri kelmasligi, oʻzini-oʻzi yakkalash joyi belgilangan talablarga javob bermasligi, ish joyiga qaytish va oʻzini-oʻzi yakkalash masalalari ish beruvchilar bilan kelishilmagani yoki migratsiya qonunchiligini buzganligi sababli baʼzi fuqarolarga rad javobi berilgan.
Bu kabi holatlar oʻz navbatida boshqa yurtdoshlarimiz uchun Koreya Respublikasida ish oʻrinlarining cheklanishi, qonuniy tartibda yaxshi daromad topish imkoniyatidan mahrum boʻlishiga sabab boʻlishi mumkin. Qolaversa, oʻzbekistonlik mehnat migrantlariga nisbatan ishonchsizlikning yuzaga keltiradi va Oʻzbekistonning jahon miqyosidagi imijiga salbiy taʼsir etadi.
Taʼkidlash joizki, dunyodagi bugungi epidemiologik vaziyatda odamlar salomatligini asrash eng dolzarb vazifa hisoblanadi. Shu sababli Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi pandemiya sharoitlarini inobatga olib, kelajakda tartibli, xavfsiz va qonuniylik prinsiplari asosida fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish borasidagi ishlarini davom ettiradi.
– Men, Ibrohim Valijonov Namangan viloyatidanman. 2018-yildan buyon shartnoma asosida Koreyada ishlayman. Joriy yil yanvar oyida Oʻzbekistonga keldim. Koronavirus tufayli, hamma reyslar toʻxtatildi. Koreyalik ish beruvchilar esa bizdan qachon kelishimizni, aniq vaqtini aytishimiz kerakligini soʻrashdi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan Koreya bilan kelishgan holda, reys qilib berishlarini soʻrab murojaat qilgan edik. Murojaatimiz inobatga olinib, muammolarimiz hal qilib berilganidan xursandmiz.
Maʼlumot uchun, shu paytgacha Agentlik 52 mingdan ortiq fuqaroni Koreyaga ishga joʻnatgan. Ayni paytda ushbu mamlakatda 14 mingdan ortiq yurtdoshimiz vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.
S. Shoyeva, Y. Meliboyev (surat), OʻzA