Jahon banki yana bir bor Oʻzbekistonni eʼtirof etdi

2020-yil koronavirus epidemiyasi sharoitida retsessiya emas, balki iqtisodiy oʻsish taxmin qilinayotgan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi yagona mamlakat Oʻzbekiston boʻlib qolishi bashorat qilinmoqda. Bu haqda Jahon bankining iyun oyida chiqqan “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari” maʼruzasida soʻz yuritilgan.
COVID-19 pandemiyasi tufayli jahon bozorlarida xom ashyo mahsulotlari narxi tushib ketgani, global va mintaqaviy ishlab chiqarish-sotish zanjirida roʻy bergan uzilish hamda moliyaviy bozorlarda tahlikaga dosh bermaslik darajasi oshishi Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga halokatli taʼsir koʻrsatgan.
Jahon banki prognoziga koʻra, 2020-yil jahon iqtisodiyotida 5,2 foizlik pasayish kutilmoqda. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrdagi eng salbiy holatdir. Maʼruzada aytilishicha, aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi 1870-yildan boshlab mamlakatlarning eng katta ulushiga toʻgʻri keladi.
Inqirozga javoban, mintaqadagi koʻplab mamlakatlar markaziy banklari pul-kredit tizimini qoʻllash koʻlamini kengaytirmoqda. Qozogʻiston rasmiylari valyutalarni barqarorlashtirish hamda volatillik (oʻzgaruvchanlik)ni pasaytirish uchun valyuta bozorlarida intervensiya oʻtkazmoqda, Rossiya rasmiylari esa ayni maqsadda suveren jamgʻarmalardan foydalanmoqda.
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotida 4,7 foizlik pasayish taxmin qilinmoqda, deyarli barcha mamlakatlar iqtisodiy retsessiyani boshidan kechiradigan boʻlib turibdi. Mintaqadagi yigirma toʻrt davlat orasida birgina Oʻzbekiston 2020-yilda 1,5 foizlik oʻsishga erishishi kutilmoqda.
Ekspertlar tahliliga koʻra, Rossiya, Qozogʻiston va Ozarbayjondagi iqtisodiy oʻsishni neftga boʻlgan past narx cheklab turibdi. Rossiyada COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishidagi sakrash va neft narxi tushib ketishi ortidan iqtisodiy pasayish 6 foizni tashkil etadi.
Pandemiya xususiy isteʼmol va investitsiyalarni cheklayotgani bois, iqtisodiy faollik Markaziy Yevropada 5, Gʻarbiy Bolqon yarim oroli mamlakatlarida – 3,2, Janubiy Kavkazda – 3,1, Sharqiy Yevropada 3,6, Markaziy Osiyoda – 1,7 foizga qisqaradi.
Jahon banki ekspertlarining qayd etishicha, “koʻpchilik mamlakatlar, garchi cheklangan soliq-byudjet imkoniyatlariga ega boʻlsalar ham, direktiv organlar mavjud zaxiradan foydalanmoqda yoki ustuvorlik sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, xususiy sektorni qoʻllash hamda moliyaviy bozordagi uzilishning oldini olishga qaratilmoqda”.
Bir qator mamlakatlar soliq-byudjet choralari paketlari joriy etilishini eʼlon qildi, biroq sogʻliqni saqlash tizimi salohiyati cheklanganini hisobga olganda, koʻpchilik mamlakatlar iqtisodiyoti pandemiyaga yaxshi tayyorgarlik koʻrmagani maʼlum boʻlib qoldi. Tojikistonda retsessiya 2, Turkiyada – 3,8, Qozogʻistonda – 3, Qirgʻizistonda – 4 va Turkmanistonda 0 foizni tashkil etadi.
Ushbu kutilma (prognoz) mamlakatlar hukumatlari tomonidan ikkinchi yarim yillik boshlanishida cheklov choralarini bosqichma-bosqich bekor qilishi toʻgʻrisidagi taxminlardan kelib chiqqan holda tuzilgan. Pandemiya oqibatlarini asta-sekin bartaraf etish hamda savdo va investitsiyalarni qayta tiklashni koʻzda tutuvchi ssenariyga koʻra, 2021-yilda mintaqa iqtisodiyoti jonlanib 3,6 foizlik oʻsish kuzatilishi mumkin.
Oldinroq Jahon banki 2020-yilda mehnat muhojirlari uylariga joʻnatayotgan pullar miqdori 20 foizga qisqarishini oldindan bashorat qilgandi. Xalqaro mehnat tashkiloti may oyi oxirida inqirozning yosh yigit-qizlarga kuchli salbiy taʼsir koʻrsatishi hamda ularning taʼlim olish va ishga joylashish imkoniyatlari pasayishi mumkinligi haqida soʻz yuritilgan maʼruzasini eʼlon qilgandi. “Karantin avlodi” uchun salbiy taʼsir uzoq vaqt davom etishi mumkin, deya taxmin qilishyapti ekspertlar.
Manba: Innovatsion rivojlanish vazirligi sayti

 

OʻzA