Chiqindidan energiya ishlab chiqariladi

Turkiyaning “Çalık Enerji” kompaniyasi boshqaruvi vakili Goʻkxan Kyuchyuk oʻzaro iqtisodiy hamkorlik aloqalari doirasida Namanganga keldi.
Viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda turk kompaniyasi tomonidan viloyatda chiqindini qayta ishlash hisobiga elektr energiyaci ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boʻyicha muzokara olib borildi.
Umumiy qiymati 40 million dollar boʻlgan mazkur loyiha 15 megavattgacha boʻlgan miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Turkiyalik investorga viloyatning Chust, Norin, Uychi tumanlari hamda Namangan shahridagi chiqindi poligonlari koʻrsatildi hamda ushbu poligonlar boʻyicha toʻliq maʼlumot taqdim etildi. Soʻngra viloyat “Suvoqava” DUK, “Namangan hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaz Namangan” MCHJ, “Toza hudud” DUK viloyat filiali vakillari bilan birgalikda loyiha muhokama qilindi.
Muhokamalar yakuniga koʻra, turkiyalik investor viloyatda sarmoyadorlar uchun yaratib berilgan sharoitlar unga maʼqul kelgani hamda ushbu loyihani Namangan shahrida joylashgan chiqindi poligonida amalga oshirish toʻxtamiga kelganini taʼkidladi.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyish, tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish boʻyicha nomi yuqorida keltirilgan tashkilot va korxonalar, shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

 

Akromjon SATTOROV, OʻzA