Turkmaniston iqtisodiyoti keyingi besh oyda nimalarga erishdi?

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov videoaloqa orqali Vazirlar Mahkamasining majlisini oʻtkazdi. Unda keyingi besh oy davomida milliy iqtisodiyotning sohalar kesimida amalga oshirilgan ishlari muhokama etildi, shuningdek, mamlakat hayotidagi boshqa dolzarb masalalar ham koʻrib chiqildi.
Majlisda taʼkidlanishicha, yanvar-may oylari davomida mamlakat iqtisodiyotining barcha sohalarida barqaror oʻsish kuzatilgan.
Jumladan, bu vaqtda mamlakat YAIMining oʻsish surʼati 6,2 foizni tashkil etgan. Oʻtgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda bu yil mahsulot ishlab chiqarish hajmi 4,7 foizga oʻsgan.
Bu yilgi chakana tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davri bilan solishtirganda 19,6 foizga oʻsgani maʼlum qildi. Besh oyda davlat byudjetining daromad qismi 100,3 foizga bajarilgan, xarajat qismi esa 94,1 foizni tashkil etgan.
Oʻrtacha maoshlar miqdori oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 10,5 foizga oshgan. Maoshlar, nafaqalar, davlat yordam pullari va talabalar stipendiyasi oʻz vaqtida moliyalashtirilgan.
Majlisda iqtisodiyotning turli sohalarini hamda eksportni qoʻllab-quvvatlash uchun kapital quyilmalarni qaytadan koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi. Davlat rahbari sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot sohalariga investitsiya kiritish ustuvor vazifa boʻlib qolishini alohida taʼkidladi.
Turkmaniston Prezidenti ushbu mavzuni davom ettirar ekan, import oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarishni tashkil etish va eksportga moʻljallangan tovarlar hajmini oshirish uchun samarali choralar koʻrishni davom ettirish zarur, dedi. Raqamli iqtisodiyotga oʻtish doirasida moliya-bank tizimini chuqur tahlil etish kerak, dedi Prezident.

 

OʻzA