Oʻzbekiston – Singapur: Hamkorlikning yangi yoʻnalishlari

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Singapur Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Moliya vaziri Xenk Svi Kit va Savdo va sanoat katta davlat vaziri Ko Po Kun bilan uchrashuv oʻtkazdi. Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan muloqotda koronavirus tarqalishiga qarshi koʻrilayotgan chora-tadbirlar, pandemiyaning ikki mamlakat iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini kamaytirish, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da mustahkamlash istiqbollari va mexanizmlari muhokama qilindi.
Muzokaralar doirasida ishtirokchilar Singapur investitsiyalari ishtirokida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar holati, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, taʼlim va sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va transport infratuzilmasi sohasidagi sheriklikni yana-da kengaytirish istiqbollarini koʻrib chiqdilar. Mavjud loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va Oʻzbekistonda biznes yuritish uchun Singapurning yangi kompaniyalarini jalb etish boʻyicha aniq tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish maqsadida hamkorlikning strategik yoʻnalishlarini rivojlantirish va ikkala davlat ishbilarmon doiralarini oʻzaro manfaatli hamkorlikka jalb etish, qoʻshma loyihalarni birgalikda amalga oshirishga xizmat qiluvchi platforma sifatida koʻprilayotgan Oʻzbekiston – Singapur biznes Kengashini tuzish gʻoyasi ham tomonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Oʻzaro manfaatdor kompaniyalarni savdo shartnomalari ishlab chiqishga jalb etish orqali Singapurga oʻzbek meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish mexanizmlari atroflicha muhokama etildi. Savdo aylanmasi hajmini oshirish boʻyicha salmoqli salohiyatni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasida erkin savdo toʻgʻrisida bitim tuzish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha ishlarni faollashtirish taklif etildi.
Ikki mamlakat oʻrtasida yoʻlovchi va yuk qatnovlarini jadallashtirish, shuningdek, yuk tashish oqimlarini boshqarish, aviakompaniyalar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yetakchi Singapur transport kompaniyalari tajribasini oʻrganish istiqboli ham koʻrib chiqildi.
Tomonlar “Singapur hamkorlik dasturi” doirasida Oʻzbekiston vazirlik va idoralari rahbariyati uchun malaka oshirish oʻquv kurslarini tashkil etish, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish boʻyicha strategik maslahatchi sifatida singapurlik ekspertlarni jalb qilish, shuningdek, Namangan viloyatida Ijtimoiy fanlar boʻyicha Singapur universiteti filialini ochish kabi taʼlim salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan institutsional hamkorlik istiqbollarini alohida muhokama qilishdi.
Singapur tomoni institutsional salohiyatni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish orqali Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonida Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek erkin savdo tamoyillarini rivojlantirishda tajriba almashish uchun singapurlik mutaxassislarni jalb etish boʻyicha qatʼiy niyatlarini bildirdi.
Videokonferensiya yakunlariga koʻra, muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlarini ilgari surish va amalga oshirish boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tuzishga kelishildi.

 

OʻzA