Tibbiyot sohasida hamkorlik

Buxoro davlat tibbiyot instituti taʼlim sifatini oshirish, xorijning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan ilgʻor tajribasini taʼlim hamda ilmiy-tadqiqotlar jarayoniga integratsiya qilish maqsadida dunyoning yetakchi akademik muassasalari bilan yangi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishni davom ettirmoqda.

Jumladan, institut Germaniyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri – Frankfurt Amaliy Fanlar Universiteti (Frankfurt University of Applied Science — FUAS) bilan ilmiy kadrlarni tayyorlash boʻyicha anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu ilmiy hamkorlik doirasida giyohvandlikni davolashda psixosotsial yordam koʻrsatish mavzusida 2020-2024-yillar orasida uchta tayanch doktorantura (PhD) darajasida ilmiy xodim tayyorlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, BuxDTI va FUAS hamkorligi doirasida fan doktori ilmiy darajasiga ega oʻzbekistonlik bir nafar mutaxassisga Frankfurt va Berlinda joylashgan klinika va ilmiy tashkilotlarda giyohvandlik mavzusida tajriba almashish hamda tadqiqot olib borishiga imkon yaratiladi.

Germaniya xalqaro akademik almashuvlar fondi (DAAD) tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu loyihada Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Oʻzbekiston va Germaniya universitetlari oʻrtasida ilmiy hamkorlik asosida giyohvandlikni davolashda psixosotsial yordam yoʻnalishida xalqaro talablarga javob beruvchi magistrlik dasturini xamda giyohvandlikni davolash va oldini olish mavzusiga bagʻishlangan masofaviy taʼlim dasturini yaratish tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

– Mazkur loyiha doirasida tayyorlanadigan ilmiy xodimlar ochiq tanlov asosida qabul qilinadi, – deydi institutning Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Ahatjon Nasullayev. – Shuningdek, tanlovda gʻolib boʻlgan mutaxassislarga loyiha fondidan stipendiya ajratiladi. Ularning ilmiy xarajatlari, jumladan, sohaga oid adabiyotlar xaridi, xalqaro ilmiy anjumanlarda qatnashish va ilgʻor jurnallarda ilmiy maqolalarni chop etish bilan bogʻliq xarajatlari qoplanishi xam koʻzda tutilgan.

 

Zarif KOMILOV, OʻzA