Senat yalpi majlisi: “Faxriy murabbiy” ordeni taʼsis etiladi

Senat yalpi majlisida “Faxriy murabbiy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni koʻrib chiqildi.
Qonunga ilova sifatida “Faxriy murabbiy” ordeni toʻgʻrisida nizom hamda “Faxriy murabbiy” ordenining tavsifi tasdiqlangan.
Orden bilan yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yosh isteʼdod egalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim va qobiliyatlarini yana-da rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan yurtdoshlarimiz taqdirlanadi. Orden bilan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
Bundan tashqari, hududlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, oilalarda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, aholining kam taʼminlangan qatlamini ijtimoiy himoyalash ishlarida faol ishtirok etayotgan, “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida yosh avlodga kasb-hunar sirlarini oʻrgatayotgan, tadbirkorlik va hunarmandchilikka keng jalb etayotgan, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan asrash, ular oʻrtasida turli salbiy illatlarning oldini olish borasidagi munosib xizmat qilayotgan fuqarolarga ham bu yuksak mukofot beriladi.
Senat aʼzolari qonunni maʼqulladi.

 

OʻzA