Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, ezgu tilaklar bildirdilar.
Janggohlarda jonini ayamay, front ortida fidokorona mehnat qilib, Gʻalabaga erishgan ota-bobolarimizning jasorati va qahramonligi birodar xalqlarimizning minnatdor xotirasida mangu qolishi alohida qayd etildi.
Muloqot chogʻida chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi. Aholiga zarur yordamni koʻrsatish, infratuzilma va kommunikatsiyalarni qayta tiklash borasida birgalikda amalga oshirilayotgan birinchi navbatdagi tadbirlar qoʻllab-quvvatlandi.
Mamlakatlarimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash samarali kechayotgani mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu xavfli kasallikning oldini olish va davolashda vakolatli idoralarning yaqindan muvofiqlashuvi va hamkorligini davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini, avvalo savdo-iqtisodiy sohada kengaytirish masalalariga alohida toʻxtaldilar.
Pandemiyaning salbiy oqibatlari taʼsirini kamaytirish maqsadida amaliy hamkorlikning yangi loyihalari va yoʻnalishlarini ishlab chiqishda ikki mamlakat bosh vazirlari rahbarligidagi qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning muhim rol oʻynashi taʼkidlandi.
Shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
O’zA