Toʻlapbergan Qayipbergenovning tanlanma asarlari oʻzbek tilida chop etildi

7-may – Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Toʻlapbergan Qayipbergenovning tavallud topgan kuni.

Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” jamoat fondi tomonidan yozuvchining asarlari oʻzbek tilida chop qilindi.

Rahimjon Otayev tomonidan tarjima qilingan va nashrga tayyorlagan kitobda yozuvchining “Qoraqalpoqnoma”, “Boqiy dunyoga, bobomga xatlar”, “Sahro bulbuli”, “Sovuq bir tomchi”, “Rahmat, muallim” kabi roman, qissa va dramasi oʻrin olgan.

Taʼkidlash joizki, atoqli yozuvchi asarlarining aksariyati jahondagi koʻplab tillarga tarjima qilinib, bir qator nufuzli adabiy mukofotlarga sazovor boʻldi. Jonkuyar adibning adabiyotimizni rivojlantirishdagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi”, “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvonlari, “Shuhrat” medali, “Doʻstlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari hamda Vatanimizning oliy mukofoti — “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA