Prezident tashrifi aholi ruhini koʻtardi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga yetib keldi.

27-aprel kuni respublikamizga Turkmaniston hududidan kuchli shamol kirib kelgan, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida sekundiga 9-40 metrgacha tezlikda shamol esgan edi. Oqibatda bir necha fuqaro jarohatlanib, bir kishi halok boʻldi. Shuningdek, uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma obyektlari va ekin maydonlariga zarar yetdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugun zudlik bilan Buxoro viloyatiga yetib bordi. Vertolyotda Qorakoʻl va Olot tumanlaridagi holatni koʻzdan kechirdi.

Olot tumani markazida mahalliy aholi vakillari, faollar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari kechagi kuchli shamol kutilmagan va ilgari kuzatilmagan tabiiy ofat boʻlganini, odamlar turmushi, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarga salbiy taʼsir qilganini afsus bilan qayd etdi.

Xalqimiz hamjihat boʻlib, bunday sinovlarni koʻp yengib oʻtgan. Bu safar ham zarur chora-tadbirlar koʻrilib, talofat oqibatlari tezda bartaraf etiladi. Eng muhimi, ruhni tushirmay, birgalikda kurashsak, bu qiyinchiliklardan kuchli boʻlib chiqamiz, deb taʼkidladi Prezidentimiz.

Turar joylar va infratuzilma obyektlarini taʼmirlash, aholiga har tomonlama koʻmaklashish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilandi.


 

OʻzA